"BelTA": Belarusda 900 gektardan ortiq o‘rmonzor qayta tiklanadi
Belarus Respublikasida “O‘rmonga yangi joy ber!” umummilliy aksiyasi doirasida 900 gektardan ortiq maydonda o‘rmonlarni qayta tiklash rejalashtirilmoqda. Bu haqda axborot hamkorimiz – “BELTA” xabar berdi.
Mamlakat o‘rmon xo‘jaligi vazirining ma’lum qilishicha, aksiyada kamida 100 ming nafar ko‘ngilli ishtirok etishi kutilmoqda. Tashabbus doirasida 800 ga yaqin hududda 4 million tupdan ortiq turli daraxt ko‘chatlari ekiladi.
Asosiy e’tibor kuchli shamol oqibatida zarar ko‘rgan o‘rmonzorlarni tiklashga qaratiladi. Joriy yilda o‘lkada tabiiy ofatlar tufayli 18 ming gektardan ortiq o‘rmon maydoni zararlangan.
Aksiya Minsk viloyatidagi Kolodishchanskiy o‘rmon xo‘jaligi hududida boshlangan. Bu yerda kuchli shamoldan zarar ko‘rgan maydonlarda yangi ko‘chatlar ekish ishlari olib borilmoqda.
Tashkilotchilar ta’kidlashicha, tashabbus nafaqat o‘rmon resurslarini tiklash, balki aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga ham xizmat qiladi.
A.Mamatov, O‘zA