Tramp Zelenskiyga talab qo‘ydi
Donald Tramp Ukrainaga ko‘rsatilgan yordamni eslatib, Kiyev endi Rossiya bilan kelishuvga erishishi kerakligini bildirdi. AQSH Prezidenti Vashington sarflagan mablag‘i evaziga hech qanday natija olmaganini aytib, amerikalik soliq to‘lovchilar sabri tugayotganini ta’kidladi.
Tramp Oq uyda jurnalistlarga Zelenskiy urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga avvalroq erishishi mumkinligini aytib, Ukrainaga yordam oqibatini “qayg‘u, o‘lim va ulkan moliyaviy yo‘qotish” deya izohladi. Mazkur bayonot Vashingtonning Kiyevni qo‘llab-quvvatlash masalasiga yondashuvi bilan bog‘liq bahsni yana kun tartibiga olib chiqdi.
Ma’lumki, Ukraina yetakchisi Osloda AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashganidan beri hali ko‘p vaqt o‘tmadi. Uchrashuvda Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb va Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore ham qatnashgan. Zelenskiy muzokarani samarali baholab, tinchlikka erishish istagi Kiyev, Yevropa va AQSH uchun umumiy ekanini bildirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA