Behruz Karimov «Lugano» safida debyut qildi va Yevrokubok yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
Batumidagi bahsda dastlab mezbonlar hisobni ochdi.
«Lugano» Konferensiyalar ligasi pley-offining javob uchrashuvida «Makkabi Tel-Aviv» bilan durang o‘ynab, turnirning asosiy bosqichiga chiqdi. Shveytsariya jamoasi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 3:2 hisobida zafar quchdi.
Batumidagi bahsda dastlab mezbonlar hisobni ochdi. 69-daqiqada Dor Peres penaltidan unumli foydalanib, «Makkabi»ni oldinga olib chiqdi. Oradan o‘n daqiqa o‘tib, Derek Monkada «Lugano»ning javob golini urdi.
«Lugano» uchrashuvning katta qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazdi. Mattia Dzanotti 58-daqiqada qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Shunga qaramay, Shveytsariya klubi hisobni saqlab qolib, keyingi bosqich masalasini hal qildi.
Uchrashuvning 82-daqiqasida Behruz Karimov maydonga tushdi. 19 yoshli himoyachi Renato Shteffen o‘rnini egallab, «Lugano» tarkibidagi ilk rasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Karimov shu tariqa yangi jamoasi bilan Yevropa kuboklarining asosiy bosqichida o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Jamoalar o‘rtasidagi dastlabki bahs Shveytsariyada o‘tkazilib, unda «Lugano» 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Kevin Berens va Anto Grgich shveytsariyaliklar, Ido Shahar esa «Makkabi» safida gol urgan.
Behruz Karimov avgust oyida «Surxon»dan «Lugano»ga ko‘chib o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi klub bilan 2031-yilning 30-iyunigacha amal qiladigan shartnoma imzolagan. «Lugano» futbolchining Yevropadagi faoliyatini boshlagan ilk klubi bo‘ldi.