«Istiqlol» OChLdagi uy o‘yinlari uchun Iroqni tanladi
Ushbu masalaga rasman nuqta qo‘yildi.
«Istiqlol»ning Elit Osiyo Chempionlar ligasidagi uy uchrashuvlari Iroqda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Jamoa mazkur turnirdagi to‘rtta bahsini Basra shahrida qabul qiladi.
Ushbu masalaga rasman nuqta qo‘yildi. Osiyo futbol konfederatsiyasi «Istiqlol» tomonidan bildirilgan so‘rovni tasdiqlab, Basrani jamoaning uy maydoni sifatida ma’qulladi.
Klub rahbariyati buning uchun so‘nggi kunlarda Malayziyaga borib, OFK mutasaddilari bilan muzokaralar olib borgan. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvdan so‘ng Iroq varianti ustida to‘xtalindi.
«Istiqlol» avvalroq o‘z uy uchrashuvlarini Toshkent, Dushanbe yoki Dohada o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan edi. Biroq ushbu shaharlardagi variantlar amalga oshmagan.
Endilikda Basra jamoaning Elit Osiyo Chempionlar ligasidagi asosiy manziliga aylanadi.
«Istiqlol» tarkibida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Rustam Ashurmatov va Jaloliddin Masharipov ham harakat qilmoqda.