Behbudiy uy-muzeyida yangi ekspozitsiya ochildi
18-may – Xalqaro muzeylar kuni
Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyida 18-may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan “Samarqandda jadid maktablari” nomli yangi ekspozitsiya ochildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyati hokimligi, madaniyat boshqarmasi, Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi mas’ullari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Muzeyimizda Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti, ko‘p qirrali faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar, tarixiy ashyolar o‘rin olgan, – deydi muzey direktori Gulmamat Ahmedov. – Yangi topilgan ashyolar hamda sun’iy intellekt va zamonaviy innovatsion texnologiyalar yordamida yaratilgan vositalar fondimizni yanada boyitdi. Jumladan, yangi ekspozitsiyadan Mahmudxo‘ja Behbudiyning to‘ng‘ich o‘g‘li Ma’sudxo‘ja Behbudiyga o‘z qo‘li bilan yozib, sovg‘a qilgan Qur’onning Yosin surasi matni o‘rin oldi.

Shuningdek, ko‘rgazmada Samarqand jadidchilik maktabi namoyandalari – Abduqodir Shakuriy, Hoji Muin, Saidrizo Alizoda, Siddiqiy Ajziy va Said Ahmad Vasliy kabi fidoyi ziyolilarning ma’rifatparvarlik faoliyati, ular tomonidan chop etilgan ilk zamonaviy darsliklar va milliy matbuot tarixiga oid ma’lumotlar namoyish etilmoqda.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri