Bugungi hamkorliklar yangi imkoniyatlar eshigini ochadi
Globallashuv sharoitida oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi faolligi mamlakat intellektual salohiyatini belgilaydigan muhim omillardan biriga aylanmoqda. Jizzax politexnika instituti delegatsiyasining Qozog‘istonning yetakchi universitetlariga amaliy tashrifi nafaqat tajriba almashish, balki muhandislik ta’limi, ilm-fan va innovatsiyalarning yangi ufqlarini ochishga xizmat qiluvchi muhim qadam bo‘ldi.
Bugun dunyo universitetlari o‘rtasidagi raqobat auditoriyalar emas, balki bilimlar, innovatsiyalar va ilmiy maktablar maydonida kechmoqda. Ana shunday sharoitda Jizzax politexnika institutining xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan navbatdagi tashabbusi e’tiborga loyiq.

Institut vakillari Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida joylashgan nufuzli oliy ta’lim muassasalari — M.Tinishpayev nomidagi ALT universiteti hamda Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universitetida bo‘lib, mazkur ta’lim maskanlarining ilmiy-innovatsion salohiyati bilan yaqindan tanishishdi.
Delegatsiya tarkibidan transport muhandisligi fakulteti dekani M.Mirzabekov, qurilish muhandisligi kafedrasi professori Sh.Alikabulov, muhandislik kommunikatsiyalari kafedrasi mudiri Sh.Musayev, ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri Sh.To‘ratov hamda kafedra o‘qituvchisi O.Abduvaliyev o‘rin oldi.

Tashrif davomida universitetlarning zamonaviy kampuslari, o‘quv auditoriyalari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va malaka oshirish markazlari faoliyati o‘rganildi. Ayniqsa, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish hamda ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur ishlar mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar bilan hamohangdir. Xususan, Prezidentimizning 2021-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori muhandislik ta’limini xalqaro tajriba asosida modernizatsiya qilish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab bergan. Bugun Jizzax politexnika instituti tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik tashabbuslari aynan ushbu vazifalarning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Uchrashuvlar chog‘ida tomonlar ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda amalga oshirish, texnologik ko‘rgazmalar tashkil etish, talabalar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish, dual ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda akademik mobillik dasturlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishdi.
— Zamonaviy muhandis nafaqat nazariy bilimga, balki xalqaro tajriba va innovatsion fikrlash ko‘nikmasiga ham ega bo‘lishi kerak. Bugungi hamkorliklar talabalarimiz va yosh olimlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonchim komil, — deydi transport muhandisligi fakultetining dekani Mirkomil Mirzabekov.

Darhaqiqat, bugun ta’lim muassasalari taraqqiyotini xalqaro hamkorliksiz tasavvur etish qiyin. Ilm-fan chegara bilmaydi. Universitetlar o‘rtasida mustahkamlanayotgan aloqalar esa yangi bilimlar, qo‘shma tadqiqotlar va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
Jizzax politexnika instituti delegatsiyasining mazkur tashrifi ham ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish hamda talaba-yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish sari tashlangan muhim qadam sifatida ahamiyat kasb etadi. Zero, zamonaviy taraqqiyotning eng qisqa yo‘li — bilim va tajriba almashuvidan boshlanadi.
Abdujalol Qayumov,O‘zA muxbiri