Bayram katta quvonchlar bilan qarshi olindi
O‘ttiz besh yil — tarix uchun bir lahza, inson hayoti uchun esa ulkan o‘zgarishlar davri. Boyovutliklar bu sanani yurt taraqqiyoti, el farovonligi va ertangi kunga ishonch timsoli sifatida katta xursandchilik bilan qarshi oldilar.
Tuman markaziy maydonida o‘tkazilgan bayram tadbirida tuman aholisi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, nuroniylar, yoshlar, xullas, yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan yurtdoshlar ishtirok etishdi. Ular Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik qutlug‘ sanasini katta shodiyona va yuksak kayfiyat bilan nishonladilar.
Shodiyonada tuman hokimi Niyoz Hazratqulov ishtirokchilarni, ular timsolida barcha boyovutliklarni Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Tabrik so‘zida mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, so‘nggi yillarda aholi farovonligini yuksaltirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi, sanoat, qurilish va ijtimoiy sohalarni taraqqiy ettirish borasida erishilayotgan natijalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, bugun Boyovutda ham bunyodkorlik va yangilanish jarayonlari izchil davom etmoqda. Yangi ishlab chiqarish ob’ektlari, zamonaviy infratuzilma, ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlar tuman qiyofasini yangilash bilan birga, aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
[gallery-31160]
Tantanali lahzalarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Yuzlab yurtdoshlarimiz Vatanga muhabbat, istiqloldan faxrlanish va kelajakka ishonch tuyg‘ulari bilan madhiyaga jo‘r bo‘ldilar.
Bayram tadbirida «Boyovutlik Humoyun» fermer xo‘jaligi rahbari, «Shuhrat» medali sohibi Abdulla Begmatov ham ishtirok etdi. Qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, hosildorlikni oshirishga intilayotgan fermer bugungi imkoniyatlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Fermer xo‘jaligimiz Navoiy nomli suv iste’molchilari uyushmasi hududida joylashgan. Xo‘jaligimiz tasarrufida 154 gektar yer maydoni bo‘lib, shundan 134 gektariga paxta, 20 gektariga g‘alla ekkanmiz. Quvonarlisi, joriy yilda g‘alladan gektariga 84 sentnerdan hosil oldik. Paxta hosili ham yaxshi. Nasib qilsa, gektaridan 80 sentnerdan hosil olishni maqsad qilganmiz, — deydi Abdulla Begmatov.
Bayram tadbirining badiiy qismida yosh iste’dod sohiblari, tuman san’atkorlari, so‘z ustalari va folklor jamoalari o‘z chiqishlarini namoyish etdilar. Vatan, tinchlik, mehr-oqibat va yurt obodligini tarannum etgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Taniqli san’atkorlar va estrada xonandalarining chiqishlari esa shodiyonaga yanada fayz kiritdi. Tomoshabinlar sevimli qo‘shiqlarga jo‘r bo‘lib, bayramona kayfiyatni birgalikda baham ko‘rdilar.
Kech kirishi bilan bayram maydonidagi shodiyona yanada avj oldi. Osmonni yoritgan rang-barang mushaklar esa tantanalarga nuqta qo‘yib, yig‘ilganlarga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Boyovutliklar Mustaqillikning 35 yilligini ana shunday ko‘tarinki kayfiyat, shukronalik va ertangi kunga ishonch bilan qarshi oldilar.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA