Banklarda kiberxavfsizlikni ta’minlash zarur
Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti eshitildi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Markaziy bank raisi Temur Ishmetov 2025-yildagi faoliyatda asosiy e’tiborni bank tizimining moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlarini maqbullashtirishga qaratganini ta’kidladi.

Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning salbiy ta’sirlarini yumshatish, bank xizmatlari va hisob-kitob operatsiyalariga kibertahdidlar va firibgarliklarning oldini olish e’tibor markazida.
Aholining jamg‘arish faolligini rag‘batlantirish hamda o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning belgilangan target ko‘rsatkichiga yetishini ta’minlash maqsadlari ham nazarda tutilgan.

Pul-kredit siyosatida operatsiyalar mexanizmini takomillashtirish, uning transmissiyaviy kanalini yaxshilash, bank tizimi likvidligini samarali boshqarish va pul bozorida foiz stavkalarining bozor mexanizmlari asosida shakllanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Natijada yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 2024-yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizgacha, bazaviy inflyatsiya esa mos ravishda 7,3 foizdan 5,7 foizgacha pasaygan. Bu esa iqtisodiyotda inflyatsiya jarayonlari barqarorlashayotganini ko‘rsatgan.

Yil yakuniga ko‘ra yalpi xalqaro zaxiralar hajmi 1,6 baravar ko‘payib, 66,3 milliard dollarni tashkil etgan. Xalqaro zaxiralarni boshqarishda Markaziy bankning qimmatli qog‘ozlar portfeli qiymati 1,5 milliard dollarga yetgan. Yil davomida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 330 trillion so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. Muammoli kreditlar ulushi kredit portfelida 3 foizgacha pasaygan.
Muammoli kreditlarni zaxiralar bilan qoplanish darajasi 87 foizdan 94 foizgacha oshdi. Bu esa yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlar uchun yetarli mablag‘ mavjudligini ko‘rsatadi.
E’tiborli jihat, ushbu jarayonda banklarning moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlariga ham, portfel sifatiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, kapital yetarliligi ko‘rsatkichi 18,3 foiz, likvidlilikni qoplash me’yori 208 foiz, sof barqaror moliyalashtirish me’yori 120 foiz darajasida shakllangan.
To‘lov tizimlarining barqarorligi va infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi naqd pulsiz to‘lovlarni kengaytirish va to‘lov tizimlariga tahdid solayotgan kiberhujumlar va firibgarlik holatlarining oldini olishga ko‘maklashadi.
Yalpi majlisda senatorlar tomonidan to‘lov xizmatlari borasida tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlari faoliyatini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda bank va to‘lov tizimlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash, moliyaviy xizmatlar sohasida firibgarlikka qarshi kurashish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Muhokamadan so‘ng Senatning ushbu takliflarni inobatga olgan tegishli qarori qabul qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA