“Dunyo mamlakatlari” – turfa diyorlardan so‘zlovchi kitob
Dunyo mamlakatlari. Ular nihoyatda rang-barang, turfa tarix, an’ana va qadriyatlarga makon. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda davlat va jamoat arboblari, siyosatshunos, tarixchi, iqtisodchi olimlar, shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot tadbirida ushbu kitob xususida batafsil so‘z yuritildi.
Taniqli jurnalist va adib, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” ensiklopedik kitobidan dunyoning 236 ta davlati haqida batafsil ma’lumotlar joy olgan. Unda mamlakatlarning boshqaruv shakli, ma’muriy bo‘linishi, geografik joylashuvi va tabiati, tarixi, iqtisodiyoti, ichki va tashqi siyosati, O‘zbekiston bilan munosabatlari va e’tiborga molik boshqa jihatlari keltirilgan.
Alifbo tartibida berilgan davlatlar haqidagi mal’umotlar muallifning shaxsiy yondashuvi bilan yoritilishi kitobxonda alohida bir hikoyadek taassurot qoldiradi. Zero, bu hikoyalar ortida zahmatkash jurnalist, adib va olim Laziz Rahmatovning “qo‘li” sezilib turadi.
Bugun istalgan ilmiy-ma’rifiy ma’lumotlarni internetdan topish oson bo‘lgan bir davrda kitobning dolzarbligi va yutug‘i shundaki, unda keltirilgan ma’lumotlar nihoyatda boy, ilmiy tasdiqlangan manbalarga asoslangan. O‘zbekistonning ushbu mamlakatlar bilan aloqalari, diplomatik munosabatlari, o‘zaro hamkorligi haqida ham batafsil va kerakli axborot berilgan.
Kitobning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda mamlakatlar va ularning diqqatga sazovor joylari, aynan shu mamlakatning “tashrif qog‘oziga” aylangan manzillarning rangli rasmlarda berilishi kitobxonga o‘qilayotgan ma’lumotlar haqida vizual tushuncha hosil qilishga ko‘maklashadi.
[gallery-29940]
Kitob ensiklopedik mohiyatidan kelib chiqib dunyo mamlakatlari haqidagi geosiyosiy manbalar qomusi sifatida o‘quvchilar, talabalar, ilmiy tadqiqodchilar va keng kitobxonlar ommasining doimiy hamrohiga aylanishi shubhasiz.
N.Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA