“AzerTAJ”: Toshkent xalqaro investitsiya forumi rekord ko‘rsatkichlar bilan global e’tibor markazida
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) haqida Ozarbayjonning yetakchi davlat axborot agentligi – “AzerTAJ” keng qamrovli material e’lon qildi.
Nashrning e’tirof etishicha, joriy yilgi forum o‘z ko‘lami va ishtirokchilar soni bilan bir qator rekord ko‘rsatkichlarga erishmoqda. Tadbirda qatnashuvchi kompaniyalar va moliyaviy institutlarning umumiy aktivlari 42 trillion AQSH dollarini tashkil etib, bu global YAIMning taxminan 38 foiziga teng ekani qayd etilgan. Ekspertlar fikricha, “TIIF-2026” Markaziy Osiyo tarixidagi eng yirik investitsiya platformalaridan biri hisoblanadi.
Forumda 100 dan ortiq davlatdan 3 mingdan ortiq xorijiy delegat, shu jumladan Ozarbayjon delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Umumiy ishtirokchilar soni 8 ming nafardan oshib, bu ko‘rsatkich forum tarixidagi yangi rekord sifatida qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, anjumanni yoritish uchun 41 davlatdan 209 nafar xorijiy jurnalist akkreditatsiyadan o‘tgan. “Bloomberg”, “Reuters”, “BBC News”, “Euronews”, “Nikkei”, “CGTN” va “TRT” kabi nufuzli OAV Toshkentdan bevosita reportajlar uzatmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, forum doirasida imzolanadigan yirik investitsiya bitimlari O‘zbekiston iqtisodiyotining yanada rivojlanishiga kuchli turtki beradi.
O‘.Alimov, O‘zA