Islom sivilizatsiyasi markazi xorijlik mehmonlarda iliq taassurot qoldirmoqda
Poytaxtimizda o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlar Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda hamda Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev markaz ekspozitsiyalari, ilmiy-ma’rifiy loyihalar va zamonaviy interaktiv texnologiyalar asosida yaratilgan ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirishdi.
Mehmonlarga O‘zbekiston hududidagi islomgacha bo‘lgan davr tarixi, islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, buyuk allomalar merosi, milliy madaniy boyliklar hamda mamlakatning ilmiy-ma’rifiy salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Qirg‘iziston hukumati rahbari, fursatdan foydalanib, ikki davlat munosabatlari keyingi yillarda mutlaq yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etdi:
– Bugun O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar juda yaxshi va mustahkam. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, madaniy aloqa izchil kengaymoqda. Davlat rahbarlari belgilab bergan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yaqin hamkorlik qilyapmiz. Har qanday masala yuzasidan doimiy muloqot mavjud, byurokratik to‘siqlar yo‘q, masalalar tezkor hal etilmoqda.
Adilbek Kasimaliyev yaqin oylarda bo‘lib o‘tadigan hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi.

Yuqori martabali mehmonlar markazda yaratilgan zamonaviy multimedia, noyob qo‘lyozma va tarixiy eksponatlarni e’tirof etarkan, markazning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yuqori baholadi.
Ma’lumki, V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga dunyoning ko‘plab davlatlari va xalqaro tashkilotlardan delegatsiyalar tashrif buyurmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi esa mamlakatning boy tarixi, madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyotini namoyon etuvchi muhim ma’rifiy maskan o‘laroq, ularda jiddiy qiziqish uyg‘otmoqda.
Dilshod Hakimov, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA