Ayrim sohalardagi tadbirkorlarga 70,9 milliard so‘mlik QQS qaytarildi
O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlash va biznes yuritish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida bir qator soliq imtiyozlari joriy etilmoqda.
Ana shunday mexanizmlardan biri — byudjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) bir qismini tadbirkorlarga qaytarish amaliyoti hisoblanadi.
Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan mazkur qo‘llab-quvvatlash choralari turizm, mehmonxona xizmati, umumiy ovqatlanish, chorvachilik, parrandachilik hamda zargarlik sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
2026-yil 5-iyun holatiga ko‘ra, ushbu tizim doirasida jami 70,9 milliard so‘m mablag‘ tadbirkorlarga qaytarildi.
Xususan, 19 ta turoperatorga — 539,8 million so‘m, 121 ta mehmonxonaga 3,5 milliard so‘m qaytarildi. Shuningdek, 736 ta umumiy ovqatlanish korxonasiga 46 milliard so‘m, 28 ta chorvachilik va parrandachilik xo‘jaligiga 1,1 milliard so‘m, 269 ta zargarlik korxonasiga 19,8 milliard so‘m QQS mablag‘i qaytarildi.
Tahlillarga ko‘ra, qaytarilgan mablag‘lar tadbirkorlarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish, yangi loyihalarni amalga oshirish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda iqtisodiyotning xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalarini rag‘batlantirish, xususiy sektor ulushini kengaytirish hamda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. QQSning bir qismini qaytarish amaliyoti esa mazkur maqsadlarga erishishda muhim iqtisodiy mexanizmlardan biri sifatida xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA