Avlodlarni bog‘lagan ma’naviy ko‘prik
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida “Burch, jasorat, matonat” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.
Unda uzoq yillar davomida bojxona tizimi taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilgan faxriy bojxona xodimlari, bugungi kunda yurtimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash yo‘lida faoliyat yuritayotgan bojxonachilar, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan sobiq xodimlarning yaqinlari hamda boshqarmaga biriktirilgan 30-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi.

Tadbir ochilishda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov so‘zga chiqib, 9-may — Xotira va qadrlash kunining xalqimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida to‘xtaldi. U o‘z nutqida xotira va qadrlash tushunchalarining ma’naviy mazmuni, ularning inson tarbiyasidagi o‘rni, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, sadoqat, burch va fidoyilik tuyg‘ularini shakllantirishdagi beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Tadbir doirasida bojxona organlarida sidqidildan xizmat qilib, harbiy qasamyodi va sharafli kasbiga umrining so‘nggi lahzasiga qadar sodiq qolgan xodimlar xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan “Xotira burchagi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muqaddas maskan xizmat burchini ado etish yo‘lida jon fido qilgan insonlarning jasorati, sadoqati va matonatini abadiy yod etuvchi ma’naviy timsol sifatida ahamiyat kasb etadi.

“Uch avlod uchrashuvi” davomida xizmat burchini vijdonan ado etgan, o‘z hayoti va mehnati bilan haqiqiy jasorat namunasini namoyon etgan insonlar haqida samimiy xotiralar yangradi. Faxriy bojxona xodimlari o‘z xizmat yillaridagi sinovlar, mashaqqatli kunlar, kasb ortidagi yuksak mas’uliyat va Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishning naqadar sharafli ekani haqida yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
Ayniqsa, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan sobiq xodimlarning yaqinlari ishtirok etgani tadbirga yanada ta’sirchan ruh bag‘ishladi. Ularning sabr-matonati, yuksak insonparvarligi va Vatanga sadoqat timsoli sifatida ko‘rsatgan namunasi barcha qatnashchilar qalbida chuqur hurmat tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Tadbir yakunida yosh avlod vakillari uchun kinolog xodimlar tomonidan xizmat itlari ishtirokida ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Ushbu chiqishlar o‘quvchilarda bojxona xizmati faoliyati haqida yaqindan tasavvur hosil qilish, sohaning mas’uliyatli va sharafli jihatlarini anglash hamda kelajakda ushbu kasbga qiziqish uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Zarif Komilov, O‘zA