Ish haqini hisobga olishdagi o‘zgarishlar pensiya miqdoriga qanday ta’sir qildi?
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va pensiya tizimini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu borada amalga oshirilgan muhim o‘zgarishlardan biri pensiya hisoblashda inobatga olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori chegarasini oshirish bo‘ldi.
2023-yildan boshlab mazkur ko‘rsatkich pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n baravaridan o‘n ikki baravarigacha oshirildi. Bu esa pensiya hisoblashda fuqarolarning mehnat faoliyati va rasmiy daromadini to‘laroq inobatga olish imkonini yaratdi.
Dastlab ushbu o‘zgarish natijasida 370 ming nafardan ortiq fuqaroning pensiyasi o‘rtacha 400 ming so‘mga oshgan bo‘lsa, bugungi kunda mazkur chora 520 ming nafar pensiya oluvchining oylik to‘lovi o‘rtacha 600 ming so‘mga ko‘payishiga xizmat qildi.
Masalan, 2023-yil 1-yanvar holatiga pensiyani hisoblash bazaviy miqdori 324 ming so‘mni tashkil etgan. Avvalgi tartib bo‘yicha pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining eng yuqori miqdori 3 million 240 ming so‘m bo‘lgan. Talab etiladigan ish stajiga ega fuqaro (erkaklar uchun 25 yil, ayollar uchun 20 yillik ish staji) uchun bu asosda 1 million 782 ming so‘m pensiya hisoblangan.
Yangi tartib joriy etilgach, hisoblash uchun olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 3 million 888 ming so‘mga yetdi. Natijada xuddi shu ish stajiga ega fuqaroning pensiyasi 2 million 138 ming so‘mni tashkil etdi. Bu esa oylik pensiya miqdori 356 ming so‘mga ko‘payganini anglatadi.
Shuningdek, belgilangan ish stajidan ortiq ishlangan har bir to‘liq yil uchun pensiya miqdori o‘rtacha oylik ish haqining yana 1 foizi miqdorida oshirib boriladi.
Pensiya hisoblashda ish haqining yuqori chegarasini belgilash amaliyoti xalqaro tajribada ham keng qo‘llaniladi. Germaniya, Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Belgiya, Shvetsiya, Norvegiya va Shveysariya kabi davlatlarda pensiya tayinlashda fuqaroning barcha daromadi emas, balki belgilangan chegara doirasidagi qismi hisobga olinadi. Xalqaro amaliyotda bu mexanizm “pensionable earnings ceiling” deb ataladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini oshirish mehnatga yarasha ijtimoiy ta’minot tamoyilini mustahkamlash, rasmiy ish haqini ko‘rsatishga rag‘batni kuchaytirish va fuqarolarning ko‘p yillik mehnatini munosib baholashga xizmat qiladi.
2026-yil 1-iyul holatiga pensiya hisob-kitobida inobatga olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori 6 million 48 ming so‘mni tashkil etadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA