Asila Mirzayorova Paraosiyo o‘yinlarida ikkinchi bo‘ldi
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tayotgan Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 6 ta oltin, 12 ta kumush va 10 ta bronza, jami 28 taga yetdi.
Para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida T11 klassida 200 metrga yugurish finalida ishtirok etgan Asila Mirzayorova gid-yuguruvchi Sardor Baxtiyorov hamrohligida 25,96 soniya natija qayd etib, ikkinchi o‘rinni egalladi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasida F44/F64 klassida disk uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Anjelina Kolesnikova 30,10 metr natija qayd etib, uchinchi o‘rinni egalladi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Para pauerlifting bo‘yicha hamyurtimiz Nasiba Toshpo‘latova 50 kilogramm vazn toifasida kechgan final bahslarida vakilimiz 123 kilogramm og‘irlikni ko‘tarib, ikkinchi o‘rinni egalladi va O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi kumush medalni qo‘shdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA