Ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat xizmatida qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirish mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshirilayotgan izchil tezkor tadbirlar nafaqat jinoyatlarning oldini olish, balki davlat idoralariga nisbatan jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
Navbatdagi tezkor tadbir davomida Jizzax viloyati Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi yer ajratib berish masalasini hal etish evaziga talab qilingan 1000 AQSH dollarining qolgan 900 AQSH dollarini olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mablag‘ elit tipdagi konstruksiyali savdo do‘koni uchun yer ajratishda hokimiyat tizimidagi aloqalari orqali ko‘maklashishni va’da qilgani evaziga talab qilingan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Barcha holatlarga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho berilishi ta’kidlanmoqda.

Bu kabi holatlar mansab vakolati shaxsiy manfaat manbai emas, balki xalq ishonchi va mas’uliyati ekanini yana bir bor eslatadi. Poraxo‘rlik va har qanday korrupsiyaviy qilmish nafaqat qonunni buzadi, balki davlat boshqaruvining ochiqligiga, adolat tamoyillariga va jamiyatning taraqqiyotiga ham jiddiy putur yetkazadi. Bejiz xalqimizda “Haromdan kelgan — haromga ketar” degan naql avloddan avlodga o‘tib kelmagan.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi izchil takomillashtirilmoqda. Bu yo‘nalishda qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar davlat xizmatida halollik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qilyapti. Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 21-aprelda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni sohada profilaktik choralarni kuchaytirish, mansab vakolatlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishga qarshi ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish hamda korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan.
Qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatda hech bir huquqbuzarlik jazosiz qolmaydi. Har bir noqonuniy xatti-harakatga huquqiy baho berilishi, aybdorlarning javobgarligi muqarrarligi ta’minlanishi korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini yanada oshirish, davlat xizmatida halollik muhitini qaror toptirish va xalq ishonchini mustahkamlashning eng muhim omillaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri