“AQLVOY” bolalar telekanali faoliyati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi
Joriy yilning 22 mart kuni O‘zbekistondagi birinchi bolalar ta’lim va ko‘ngilochar telekanalining translyatsiyasi boshlangani haqida xabar bergan edik.
Shu munosabat bilan Maktabgacha ta’lim vazirligida matbuot anjumani tashkil etilib, telekanal faoliyati yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, “AQLVOY” telekanali Maktabgacha ta’lim vazirligi ko‘magi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil avgust oyida qabul qilingan «Ixtisoslashgan bolalar ko‘ngilochar – ma’rifiy telekanalini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori asosida yaratilgan.
«Bu sening vaqting!» kanalning asosiy shiori bo‘lib, kanal Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa ko‘plab mamlakatlarda taniqli jahon studiyalari tomonidan yaratilgan eng yaxshi animatsion seriallar va dasturlarni namoyish etadi.
Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, telekanal faoliyatida mamlakatimizning madaniy kodi hisobga olingan holda xorijiy tarkib o‘zbek tiliga moslashtiriladi va yuqori sifatli tarjima bo‘ladi.
– Eng muhimi, barcha tarkib litsenziyalangan va faqat rasmiy ravishda sotib olinadi, – deydi telekanal Bosh ijrochi direktori Vela Fidel. – Ayni paytda “Soniy”, “Disney”, “Universal” kabi yirik kinokompaniyalar bilan animatsiya to‘plamini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligining so‘nggi metodik ishlanmalari bo‘yicha «Bilasanmi», «Quvnoqvoy», «Bilimdon», «Eli va Bob» singari ko‘rsatuvlar tayyorlanib, namoyish etiladi. Teleko‘rsatuvlarni tashkil qilishda zamonaviy texnik yechimlar va ilg‘or xorijiy tajribalar tatbiq etiladi. Raqamli va multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda bolalarda kreativ – ijodiy fikrlashni rivojlantirish hamda ularda badiiy va estetik didni tarbiyalash maqsad qilingan.
Darvoqe, “AQLVOY”ning asosiy auditoriyasi 3-9 yoshli bolalar bo‘lib, telekanal ertalab soat 7:00 dan kechki 22:00 gacha efirga uzatiladi. Kelajakda onlayn translyatsiya ham rejalashtirilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA