Ekologik inqirozdan barqaror ekotizimlarni shakllantirishga
Samarqandda bugun ish boshlagan “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “Barqaror orollar: Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi havzasida ekotizimini saqlash” mavzusida anjuman o‘tkazildi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Aral Sea Wetlands Project” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbir Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash, yer va suv resurslarini barqaror boshqarish, bioxilma-xillikni saqlash hamda mintaqaning iqlimiy barqarorligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.

Sessiya davomida ishtirokchilar Orolbo‘yi mintaqasining ekologik inqirozdan barqaror ekotizimlarni shakllantirish bosqichiga o‘tishi, iqlim bosimi sharoitida suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligini joriy etish hamda yer degradatsiyasining neytral balansiga erishish bo‘yicha yondashuvlarni muhokama qildi.
Suv-botqoqli hududlar va qirg‘oq bo‘yi ekotizimlarining bioxilma-xillikni saqlash, ekotizim xizmatlarining barqarorligini ta’minlash hamda mahalliy aholi uchun daromad manbalarini yaratishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Texnik sessiya doirasida “Aral Sea Wetlands Project” loyihasining xalqaro texnik maslahatchisi Joshua Brann Amudaryoning quyi oqimidagi ekotizimi va barqaror turmush manbalari ahamiyati haqida ma’ruza qildi. BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi (UNCCD) kotibiyatining bosh ilmiy xodimi doktor German Kust esa yer degradatsiyasining neytral balansi vositalari va yer resurslaridan foydalanishni barqaror rejalashtirish yondashuvlari haqida so‘z yuritdi.
Ochiq munozara davomida ishtirokchilar hamkorliklarni kengaytirish, innovatsion yechimlarni joriy etish va Orol dengizi mintaqasida ekotizimlarni tiklash bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribalarni keng ko‘lamda qo‘llash istiqbollarini muhokama qildi.

Bugungi tadbirlar davomida BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining (UNECE) Ekologik faoliyat samaradorligini baholash dasturi doirasida tayyorlangan O‘zbekistonning Ekologik faoliyat samaradorligi bo‘yicha to‘rtinchi sharhi (Environmental Performance Review – EPR) taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
To‘rtinchi sharh 2025-yil noyabr oyida UNECEning Ekologik siyosat qo‘mitasi tomonidan rasman tasdiqlangan bo‘lib, O‘zbekistonning ekologik islohotlar, iqlim siyosati va barqaror rivojlanish sohalaridagi yutuqlarini aks ettiruvchi muhim xalqaro hujjat hisoblanadi.
Taqdimotda ishtirok etgan Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov mamlakatda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarning izchilligini hamda “yashil” transformatsiyani ilgari surishda xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.

Tadbirda, shuningdek, UNECE Atrof-muhit va o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi direktori Paola Deda, Germaniya, Italiya va Shveysariya hukumatlari vakillari hamda sharhni tayyorlashda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar ma’ruza qildi.
To‘rtinchi sharhning asosiy xulosalari taqdimoti davomida O‘zbekistonda ekologik siyosat va islohotlar samaradorligini baholash natijalari e’lon qilindi. Unda mamlakatning ekologik boshqaruv tizimini rivojlantirish borasidagi sezilarli yutuqlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etilgani, ekologik monitoring tizimlari rivojlantirilgani, “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilayotgani, qayta tiklanuvchi energetika loyihalarining ilgari surilayotgani hamda bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarning kuchaytirilgani e’tirof etildi.

Sharh natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Ekologik faoliyat samaradorligi bo‘yicha uchinchi sharh doirasida berilgan tavsiyalarning 77 foizini to‘liq yoki qisman amalga oshirgan yoxud ularni bajarish jarayonida. Yangi sharh 45 ta tavsiyani o‘z ichiga oladi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi 12 maqsad bo‘yicha 41 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi.
Tadbir davomida mamlakat ekologik siyosatining kelgusi ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, iqlim bo‘yicha harakatlarni kuchaytirish, tabiatga asoslangan yechimlarni joriy etish, ekologik boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda 2026-2030-yillarda sharh tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning Ekologik faoliyat samaradorligi bo‘yicha to‘rtinchi sharhini topshirishning ramziy marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamoatchilikning ekologik masalalardan xabardorligini oshirish va mintaqada ekologik barqarorlikni birgalikda ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri