“Aqlli suv” nazorati samaradorlikni oshirmoqda
Suv resurslaridan oqilona foydalanish va sohani raqamlashtirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biriga aylangan. Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida o‘tkazilgan amaliy seminar ana shu maqsadlarga xizmat qilib, “Aqlli suv” va “Dayver” qurilmalarining samarali ishlashini ta’minlash, ular orqali olinayotgan ma’lumotlar sifatini yanada oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Unda gidrotexnik inshootlarga o‘rnatilgan “Aqlli suv” va “Dayver” qurilmalarining ishonchli faoliyatini ta’minlash, ularni texnik ko‘rikdan o‘tkazish, ma’lumotlarni onlayn qabul qilish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nosozliklarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi mutaxassislari ishtirok etishib, sohada amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, qurilmalarning ishlash mexanizmi, ulardan samarali foydalanish usullari, texnik nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

Seminar davomida gidrotexnik inshootlardagi qurilmalardan kelib tushayotgan ma’lumotlarni onlayn platformaga uzluksiz va aniq uzatishning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Mutaxassislar tizimning barqaror ishlashini ta’minlash, qurilmalarning xizmat muddatini uzaytirish va ehtimoliy nosozliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik texnik xizmat ko‘rsatish choralari xususida ham atroflicha to‘xtalishdi.

Qayd etilganidek, raqamli texnologiyalarning suv xo‘jaligiga keng joriy etilishi suv resurslarini samarali boshqarish, tezkor monitoring olib borish va qaror qabul qilish jarayonlarining aniqligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA