AESda ekologik nazorat qanday yo‘lga qo‘yiladi?
O‘zbekiston atom energetikasi sohasidagi ilk yirik loyihasini amalga oshirishning amaliy bosqichiga o‘tdi. Joriy yilning iyun oyida Jizzax viloyatidagi birinchi atom elektr stansiyasi maydonida dastlabki energoblok qurilishi boshlangani e’lon qilindi. Loyiha doirasida “VVER-1000” rusumidagi ikki reaktor va “RITM-200N” rusumidagi ikki kichik modulli reaktor barpo etilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash kerakki, AES qurilishi energetika tizimini rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi. Biroq, bunday yirik infratuzilma loyihalarida texnologik va xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda ekologik omillar ham alohida ahamiyat kasb etadi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, atom elektr stansiyasi qurilishi bilan bir vaqtda uning atrofidagi muhitni kuzatish va nazorat qilish tizimlari ham shakllantiriladi.
Maxsus ekspertlar guruhi tashkil etildi
Odatda, AES atrofida maxsus kuzatuv hududlari belgilanib, radiatsion holatni monitoring qilish tizimlari joriy etiladi. Shuningdek, suv, havo, tuproq, o‘simliklar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda aholiga ehtimoliy ta’sirni baholash bo‘yicha muntazam kuzatuv ishlari olib boriladi.
Bu yo‘nalishda O‘zbekistonda ham muayyan ishlar boshlangan. May oyida AES qurilishi loyihasining atrof-muhitga ta’sirini baholash materiallarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish maqsadida maxsus ekspertlar guruhi tashkil etildi. Davlat ekologik ekspertizasi markazi ma’lumotiga ko‘ra, guruh tarkibiga mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda Belarus Respublikasining ixtisoslashgan tashkilotlari ekspertlari ham jalb qilingan. Ular atmosfera havosi, suv resurslari, tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosi, gidrogeologik hamda seysmologik sharoitlar, shuningdek, jamoatchilik eshituvlarida bildirilgan takliflarni har tomonlama tahlil qiladi.
Xalqaro tajriba va ekologik nazorat
Xalqaro atom energiyasi agentligi yondashuvlariga muvofiq, yangi atom dasturlarida atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari loyihaning dastlabki bosqichlaridanoq hisobga olinishi lozim. Bu jarayon maydon tanlashdan boshlanib, atrof-muhitga ta’sirni baholash, qurilish ishlari va ob’ektdan foydalanish davrini ham qamrab oladi. Ayniqsa, stansiya ishga tushirilishidan oldin hududning dastlabki ekologik va radiatsion fonini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Chunki keyinchalik barcha monitoring natijalari aynan shu boshlang‘ich ko‘rsatkichlar bilan taqqoslanadi.
Bu borada Belarus tajribasi e’tiborga loyiq. Mamlakatda Rossiya loyihasi asosida “VVER-1200” rusumidagi reaktorlar bilan jihozlangan birinchi AES barpo etilgan. Bugungi kunda mazkur stansiya Belarusda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 40 foizini ta’minlamoqda. Stansiya atrofida to‘liq radiatsion-ekologik monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan. 2024-yil bo‘yicha e’lon qilingan monitoring hisobotiga ko‘ra, kuzatuv hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar stansiya qurilishi bosqichida aniqlangan dastlabki (“nol”) radiatsion fon ko‘rsatkichlaridan oshmagan. Ya’ni, joriy monitoring natijalari ob’ektdan foydalanish boshlangunga qadar qayd etilgan boshlang‘ich ko‘rsatkichlar bilan taqqoslab boriladi.
Belarus AES hududida avtomatlashtirilgan radiatsion nazorat tizimi ham ishlaydi. Mamlakat Tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tizim gamma-nurlanish dozasi quvvatini o‘lchovchi va spektrometrik datchiklar bilan jihozlangan avtomatik kuzatuv punktlarini o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, “Belgidromet” tarmog‘idagi dozimetrik stansiyalar har kuni gamma-nurlanish darajasini o‘lchab boradi. AES ta’sir zonasidagi ma’lumotlar esa avtomatik ravishda tezkor markazlarga uzatiladi.
Issiq iqlim sharoitiga ega mamlakatlar uchun Birlashgan Arab Amirliklari tajribasi ham qiziqarli hisoblanadi. “Baraka” AESda radiologik-ekologik monitoring birinchi energoblokka yoqilg‘i yuklanishidan ancha oldin boshlangan. ENEC ma’lumotlariga ko‘ra, dastur 2014-yil avgust oyida ishga tushirilgan bo‘lib, ilk hisobot 2015-yil boshida jamoatchilikka taqdim etilgan. Hozirda esa monitoring natijalari yiliga ikki marta e’lon qilib boriladi.
Muhimi, “Baraka” AESda monitoring ishlari faqat radiatsion fonni kuzatish bilan cheklanmaydi. Yarim yillik hisobotlarda tuproq, havo, dengiz suvi, yer osti va ichimlik suvlari, baliqlar hamda boshqa tirik organizmlar bo‘yicha tahlil natijalari ham aks ettiriladi. Ushbu ma’lumotlar BAAning yadro faoliyatini tartibga soluvchi federal organiga taqdim etiladi.
AESda ekologik monitoringning ustuvor yo‘nalishlari
Umuman olganda, xalqaro tajriba atom elektr stansiyasi nafaqat energiya ishlab chiqarish ob’ekti, balki doimiy ekologik monitoring markaziga ham aylanishini ko‘rsatmoqda. Bunday tizimlar asosida radiatsion holat, suv resurslari, tuproq, havo, o‘simlik va hayvonot dunyosi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda atrof-muhitning boshqa tarkibiy qismlari muntazam baholab boriladi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda birinchi atom loyihasini amalga oshirish jarayonida bir qator vazifalar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Jumladan, dastlabki ekologik va radiatsion fonni shakllantirish, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlarini joriy etish, muntazam laboratoriya nazoratini tashkil qilish, mahalliy iqlim va gidrogeologik sharoitlarni hisobga olish hamda jamoatchilik uchun ochiq va tushunarli ma’lumotlar taqdim etib borish shular jumlasidan.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, atom energetikasiga nisbatan jamoatchilik ishonchi faqat zamonaviy xavfsizlik texnologiyalari bilan emas, balki atrof-muhit holati yuzasidan ochiq, muntazam va shaffof nazorat asnosida ham shakllanadi. Shu bois, ekologik monitoring AESning barcha faoliyat bosqichlarida loyihaning muhim va ajralmas qismi hisoblanadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA