“Aqlli shahar” sari yana bir muhim qadam tashlandi
Sirdaryo viloyatida kommunal xizmatlar sohasini raqamlashtirish, muhandislik infratuzilmasini zamonaviy texnologiyalar asosida boshqarish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim loyiha amalga oshiriladi.
Shu maqsadda viloyat kommunal soha tashkilotlari hamda Xitoyning Dongfang Elektroniks Korporation kompaniyasi o‘rtasida SCADA (Supervisory Control and Data Acquisition) tizimlarini joriy etish, kommunal tarmoqlarni raqamli boshqaruvga o‘tkazish hamda “Aqlli shahar” konsepsiyasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali ma’lum qildi.

Mazkur hamkorlik doirasida elektr, gaz va suv ta’minoti tizimlarini yagona raqamli platforma orqali boshqarish, real vaqt rejimida monitoring qilish, avariya holatlarini tezkor aniqlash va bartaraf etish, resurslardan samarali foydalanish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish nazarda tutilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, SCADA tizimlari kommunal infratuzilmani avtomatlashtirish, tarmoqlardagi texnik holatni doimiy nazorat qilish va boshqaruv qarorlarini tezkor qabul qilish imkonini beradi. Bugungi kunda bunday texnologiyalar dunyoning ko‘plab davlatlarida “Aqlli shahar” loyihalarining asosiy tarkibiy qismi sifatida qo‘llanilmoqda.

Dongfang Elektroniks Korporation esa aqlli elektr tarmoqlari, raqamli energetika va “Aqlli shahar” yechimlari sohasida faoliyat yurituvchi yirik texnologik kompaniyalardan biri bo‘lib, uning texnologiyalari 60 dan ortiq mamlakatlarda joriy etilgan. Kompaniyaning faoliyati energetika, kommunal xizmatlar va shahar infratuzilmasini raqamlashtirish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri