Antaliyada TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Turkiyaning Antaliya shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining norasmiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari Baxtiyor Saidov xabar berdi.
Uchrashuvda ishtirokchilar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilib, xususan transport, energetika, yashil transformatsiya, raqamlashtirish va innovatsiya sohasiga alohida e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, yig‘in davomida tuzilmaning institutsional rivojlanishi, “TDT plyus” formati doirasida aloqalarni kengaytirish, tashqi sheriklar bilan amaliy va tizimli hamkorlik o‘rnatish kabi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va umumiy muammolarni hal etishda o‘zaro muvofiqlashgan holda ishlashni davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar.
D.Hakimov, O‘zA