“Ansorulloh” Saudiya ommaviy havo hujumi haqida bayonot berdi
Yamandagi xusiylarning “Ansorulloh” harakati harbiy vakili Yahyo Sariy ijtimoiy tarmoq sahifasida Saudiya Arabistoniga tegishli F-15 qiruvchi samolyotlari Hamis-Mushayt aviatsiya bazasidan ko‘tarilib, so‘nggi 24 soat ichida Toiz, Marib va Hajja viloyatlariga 40-marta havodan zarba berganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan hafta davomida F-15 va “Typhoon” qiruvchilari Yamanning qator viloyatlari, jumladan Toiz, Lahj, Al-Jauf, Hajja, Marib, Sa’da va Al-Baydoga 450 dan ortiq zarba yo‘llagan.
Shuningdek, Marib osmonida F-15 samolyoti mahalliy “yer-havo” raketasi bilan urib tushirilgani, vayrona uzra uchgan boshqa qiruvchilar ham raketa hujumiga uchrab, hududni tark etishga majbur bo‘lgani aytilgan.
Sariy Yaman havo hududi har qanday tajovuz uchun yopiqligini ta’kidlab, xusiylar Makkaga zarba bergani haqidagi ayblovni inkor etdi. Saudiyadagi nishonlar faqat harbiy baza va neft ob’ekti ekani, muqaddas qadamjolarga zarba bermaslik xusiylarning qat’iy qoidasi bo‘lib qolishini qo‘shimcha qildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA