Anomal issiq poyezdlar harakatiga ham ta’sir qildi
O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq nafaqat odamlar, balki temiryo‘l infratuzilmasi uchun ham qo‘shimcha ehtiyotkorlik choralarini talab qilmoqda.
Havo haroratining keskin ko‘tarilishi sababli temiryo‘l izlari va texnik qurilmalarda ortiqcha qizish holatlari yuzaga kelmasligi uchun poyezdlar harakatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda temiryo‘l tarmog‘ining barqaror ishlashini saqlab qolish maqsadida ayrim yo‘nalishlarda poyezdlar belgilangan tezlikdan sekinroq harakatlanadi.
Shu bois, ayrim poyezdlar o‘z manziliga harakat jadvalida ko‘rsatilgan vaqtdan kechroq yetib borishi mumkin.
Mutaxassislar bunday cheklovlar xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, yo‘lovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kechikishlarni to‘g‘ri qabul qilishlarini so‘ramoqda. Temiryo‘l tizimidagi mazkur choralar havo harorati me’yorlashgach bekor qilinishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA