Angliya terma jamoasi futbolchilarning uyqusini himoya qilish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rmoqda
Meksika muxlislari JCH–2026 1/16 finali arafasida Ekvador milliy terma jamoasi futbolchilari joylashgan mehmonxona yaqinida mushakbozlik uyushtirib, ularning uyqusiga xalaqit bergani xabar qilingan edi.
Angliya milliy terma jamoasi JCH–2026 1/8 finali oldidan futbolchilarning sifatli dam olishini ta’minlash maqsadida xavfsizlik choralarini kuchaytirdi.
BBC xabariga ko‘ra, Tomas Tuxel boshchiligidagi jamoa 6-iyul kuni Estadio Azteca stadionida Meksika milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Avvalroq Meksika muxlislari JCH–2026 1/16 finali arafasida Ekvador milliy terma jamoasi futbolchilari joylashgan mehmonxona yaqinida mushakbozlik uyushtirib, ularning uyqusiga xalaqit bergani xabar qilingan edi. Oradan ko‘p o‘tmay Meksika o‘sha bahsda 2:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Manbaga ko‘ra, Angliya terma jamoasi futbolchilar joylashadigan mehmonxona manzilini sir saqlashga harakat qilmoqda. Biroq bu ma’lumot ijtimoiy tarmoqlarga sizib chiqishidan xavotir ham mavjud.
Shuningdek, o‘zi bilan quloqchin (berushi) yoki uyqu niqobi olib kelmagan futbolchilar va jamoa xodimlariga tabiiy uyqu vositalari hamda oq shovqin generatorlari taqdim etilishi rejalashtirilgan.