Andijonda ilk bor “Yashil uyim” ekologik festivali o‘tkaziladi
Joriy yilning 26-sentabr kuni Andijonda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida “Yashil uyim” ekologik festivali tashkil etiladi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi axborot xizmati rahbari Malika Musayevaning ma’lum qilishicha, festival ekologik turmush tarzini targ‘ib qilish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, zamonaviy ilmiy va ekologik yechimlarni keng ommalashtirishga qaratilgan.
–Tadbir 26-sentabr kuni soat 12:00 dan 19:00 gacha Andijon shahridagi “Berlin Zentrum” majmuasida bo‘lib o‘tadi. Ekologik madaniyatni shakllantirish kundalik odatlardan boshlanadi. Chiqindilarni saralash, resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni hayot tarziga aylantirish muhim. “Yashil uyim” festivali ana shu masalalarni amaliy misollar orqali keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Festival dasturidan soha mutaxassislarining ochiq ma’ruzalari, qayta ishlash bo‘yicha mahorat darslari, ekologik mahsulotlar va ilmiy ishlanmalar yarmarkasi, sovrinli o‘yinlar hamda jonli musiqa dasturlari o‘rin olgan. Asosiy maydondagi ma’ruza va mashg‘ulotlar malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Bolalar uchun mo‘ljallangan hududda esa “Matematika amalda” mashg‘uloti, ilmiy tajribalar namoyishi, “Fikrlab” kitob taqdimoti, “Mening eko sumkam” mashg‘uloti va robototexnika bo‘yicha darslar tashkil etiladi, – dedi Malika Musayeva.
Tadbir davomida ekologik mahsulotlar, mahalliy tashabbuslar va ilmiy ishlanmalar yarmarkasi ham tashkil etiladi. Shuningdek, batareykalar, ishlatilgan o‘simlik moyi, qog‘oz, sellofan va alyuminiy chiqindilarini qabul qilish uchun maxsus punktlar faoliyat yuritadi.
Festival doirasida SWAP hududi ham tashkil etilib, ishtirokchilar kitoblar, gullar va turli buyumlarni o‘zaro almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, shaxmat o‘ynash uchun alohida maydon ajratiladi.
Tadbir kundalik hayotda ekologik mas’uliyatni kuchaytirish, foydali odatlarni shakllantirish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan amaliy yechimlarni ommalashtirish uchun ochiq muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA