“Andijon” yana transfer taqiqiga uchradi: PFL yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni to‘xtatdi
Qoidalarga ko‘ra, agar klub mavjud qarzni bartaraf etmasa, ketma-ket 3 ta transfer oynasi davomida yangi o‘yinchilarni o‘z tarkibiga qo‘shib ola olmaydi.
FIFA Intizom qo‘mitasi kecha, 29-iyul kuni “Andijon” klubiga sobiq murabbiy Mikola Tishenko oldidagi qarzdorlik sababli yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘ydi.
Qoidalarga ko‘ra, agar klub mavjud qarzni bartaraf etmasa, ketma-ket 3 ta transfer oynasi davomida yangi o‘yinchilarni o‘z tarkibiga qo‘shib ola olmaydi. FIFA'ning bu haqdagi rasmiy xabarnomasi kecha Toshkent vaqti bilan soat 18:54 da O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga kelib tushgan. “Andijon”ning bir qator yangi futbolchilar bilan tuzgan shartnomalari esa Professional futbol ligasida ushbu vaqtdan biroz o‘tib ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
FIFA Intizom kodeksining 50-moddasi 1-bandiga muvofiq, bunday qarorlar xabar qilingan paytdan boshlab yuridik kuchga kiradi. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL “Andijon” klubi FIFA taqiqi bilan bog‘liq masalani to‘liq hal etmaguniga qadar, mazkur futbolchilarni Superliga uchrashuvlari uchun ro‘yxatdan o‘tkazmasligini ma’lum qildi.