Alixonto‘ra Sog‘uniy haqidagi filmga kim homiylik qiladi?.. (video)
Xabaringiz bor, 10 http://uza.uz/posts/265815 va 12 may kunlari http://uza.uz/posts/266490 saytimizda Islom olamining ulug‘ allomalaridan biri bo‘lmish Alixonto‘ra Sog‘uniy haqida uning kenja o‘g‘li Qutlug‘xonto‘ra Sog‘uniy bilan suhbat e’lon qilindi.
Bugun ana shu suhbatning uchinchi qismini e’tiboringizga havola etamiz.
– Turkiyada oxirgi 10 yilda «Temur tuzuklari» 7 marta nashr etilgan ekan. Xorijda hazratning asarlariga hamda tarjimalariga qiziqish shunchalik kattami?
– Aslida Sog‘uniyning kitoblariga, qalamiga oid bo‘lgan asarlarga qiziqish katta. Ya’ni Sohibqiron Temur hazratlariga, shaxsiga qiziqish bor. Undan keyin «Turkiston qayg‘usi» asari orqali Markaziy Osiyoga qiziqish bor.
Yetti marta chop etilishining sababi uzoq vaqtlargacha Turkiyada Sohibqironga munosabat ijobiy bo‘lmagan. Otamizning vasiyatlari bor edi, asarlarim turkiy xalqlarga tarqalsin, degan. Shu asarni turkiyalik professor bilan o‘zbekchadan turk tiliga tarjima qildik. So‘zboshiga ko‘nglimizda tugib kelgan, otamizning meros qilib qoldirgan ilmiy fikrlarini bayon qildik. Jumladan, bu yerda aholi orasida «Tuzuklar yo‘q, bu o‘zi soxta bir kitob, uni Amir Temur yozgan emas. Chunki, u besavod bo‘lgan, nafaqat besavod, balki nasl nasabi noma’lum yo‘lto‘sar qaroqchi», degan fikrlar hokim edi.
Shunday noto‘g‘ri fikrlarga butunlay barham berish maqsadida so‘zboshi yozdik. Unda «Temur tuzuklari» naqadar qimmatli ekani, buni faqat jahongirlik qilgan davlat arbobi yoza olishini, bu asrni asli turkiy tilda bo‘lgan, Amir Temur hazratlarining kelib chiqishlari oliy oiladan ekanligi, u kishining keng ilm sohibi bo‘lganliklarini ta’rifladik.
Bartol va boshqa sharqshunoslarning ta’sirida qolganlar Alisher Navoiyning «Hayratul-abror» asariga diqqat qilsa, unda Amir Temur haqida yozilgan. Sohibqiron she’r yozmas edilar, ammo she’rni tahlil qilib, eshitishni yaxshi ko‘rar edilar. U kishining ikki misra she’rni eshitishlari bir qancha asar yozishga teng, deya katta baho berilgan.
Temur tuzukotini turk tiliga tarjima qilganda Sohibqironning obro‘sini munosib oshirishga harakat qildik. Maqsadimiz turk xalqining fikrini o‘zgartirish kerak edi. 60-70 million xalqning fikrni qanday o‘zgartiramiz, deb uzoq o‘yladim. Bu kitob chiqqanda o‘qilgandan keyin ko‘plab tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Teleko‘rsatuv va radiolarda Amir Temur shaxsini qayta o‘rganish boshlandi.
Hozirda «ilgargidek bu yerni bosib olgan, vayron qilgan, kitoblarimizni Samarqandga olib ketgan», degan gaplarni aytisha olmayapti. Aytishsa, darrov boshqasi chiqib, «Siz Temur tuzuklari»ni o‘qiganmisiz? Bo‘lmasa o‘qing! Uni o‘qib Amir Temurni bunday inson emasligiga, amin bo‘lasiz. Bunday inson dunyoga boshqa kelmaydi va u butun turkiy xalqlarning faxri desak, bo‘ladi.
– Alixonto‘ra Sog‘uniy asarlari qaysi chet tillarida chop etilgan? Hozirgi kunda Sog‘uniy yozma merosiga munosabat qanday?
– Sog‘uniy asarlari birinchi turk tiliga tarjima qilindi. Turkiyada, Germaniyada chop etildi. Keyin tojik, qirg‘iz tiliga tarjima qilindi. Qozoqchaga ham harakat bor, deb eshitdim, lekin hali ko‘rmadim. Sanab o‘tgan tillarimda kitob bo‘lib, bosib chiqarilgan. Otamning asarlarini boshqa tillarga ham tarjima qilish borasida orzuim bor. Umrimiz vafo qilsa, ingliz va rus tillariga tarjima qilish niyatimiz bor.
– Alixonto‘ra Sog‘uniy hayoti va faoliyati borasida asar yoki film yaratish bo‘yicha avlodlariga takliflar, murojaatlar bo‘lganmi?
– Otamizning hayoti juda qiziqarli va namunali, dolg‘ali, xavotirlarga to‘la bo‘lgan. Mashaqqat va sinovlarga to‘la hayotni yashadi va 91 yoshda vafot etdi. Otamiz jasur, qo‘rqmas inson edilar. Yurtimizni 1872 yilda Chor Rossiyasi bosib oldi. Keyin qamalda yashadik. Shu davrda xalqimizda mutelik oshib ketdi. Bizning xalqimizda qahramonlik, jasorat, dovyuraklik kabi ijtimoiy xususiyatlar kuchli bo‘lishi kerak. Bunga borada esa otamizning hayotlarida o‘rnak bor.
U insonni otam bo‘lgani uchun emas, qilgan ishlari, yashagan hayotlari tufayli o‘zbek xalqining milliy qahramoni, deyman. Hamma qo‘rqqan vaqtda dushmanga baralla «Yo‘q», deya olgan, or-nomusini saqlay olgan, oilasini sevgan, halol mehnat qilgan.
Bu kishining hayotlarini kinoga olish, seriallar chiqarish, kitoblar yozish haqida takliflar ko‘p bo‘lgan. Rahmatli otamiz haqida ko‘plab yozuvchilar qalam yuritdi. Misol uchun, Yoqubjon Xo‘jamberdiyevning yaxshi asari bor.
Filmga kelsak, kinorejissyor Ali Hamroyev taklif bilan keldi. Yozilgan ssenariyni ko‘rdik, mamnun bo‘ldik. Uning ishchi nomi «Isyonkor mulla» ekan. Biz otamning mavqey mullalikdan balandroq edi desak, ular filmlarning nomi reklama xarakterida bo‘ladi, keyin o‘zgartiraveramiz dedilar.
Turkiyada ham film olish borasida takliflari bo‘ldi. Biroq, ularning hammasi moliyaviy jihatga bog‘liq bo‘lib turibdi. Bu masala ijobiy hal bo‘lsa, serial ham olinishi mumkin. Albatta, bu ko‘ngildagidek, ish bo‘lar edi.
ESLATMA: suhbatning to‘rtinchi, yakuniy qismidan yaqin kunlarda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
<iframe width="950" height="534" src="https://www.youtube.com/embed/XbgUr294AW8" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Sayyora Shoyeva, Yoqub Meliboyev, O‘zA