Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonining faksimil nashri taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “INFOLIB O‘ZBEKISTON-2025” XIV Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonining faksimil nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Faksimil nashr O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi fondida saqlanayotgan XIX asrga oid qo‘lyozma nusxasi asosida tayyorlangan.

Bu noyob qo‘lyozmada shoirning besh dostoni matni o‘rin olgan. 428 varaqdan iborat ushbu qo‘lyozma yuqori sifatli Qo‘qon ipak qog‘ozida bitilgan. Matn qora siyohda, sarlavhalar qizil rangda, jadval chiziqlari esa oltin suvi bilan bezatilgan.
Sahifalar ko‘k, lojuvard, yashil, sariq kabi yorqin ranglarda gullar va o‘simlik tasvirlari bilan boyitilgan.

Ayniqsa, “Lison ut-tayr” va “Xamsa” dostonlariga ishlangan 47 ta rang-barang miniatyura asarning badiiy va tarixiy qiymatini yanada oshiradi.
Nashrga “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlari bilan bir qatorda, “Lison ut-tayr”ning ham kiritilgani alohida e’tiborli.

Tadbir davomida Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishning tarixiy ahamiyati, faksimil nashr jarayonidagi yondashuvlar va yangi ilmiy tadqiqotlar haqida mutaxassislarning chiqishlari tinglandi.
Adabiyotshunoslar, navoiyshunoslar, san’atshunoslar, yosh tadqiqotchilar va kitob ixlosmandlari faksimil nashrning ilm-fan hamda madaniyat rivojiga qo‘shadigan hissasi yuzasidan fikr bildirdilar.
Mazkur faksimil nashr nafaqat adabiy merosimizni keng targ‘ib qilishga, balki yosh tadqiqotchilar uchun ishonchli manba yaratishga ham xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA