Aliment to‘lovlarini undirish va ishsiz qarzdorlar bandligi nazoratda
Prezident topshirig‘i amalda
Oxirgi yillar jamiyatimizda oilalarni saqlab qolish, ajrimlar sonini qisqartirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Ayniqsa, bu jarayonda yosh oilalarni ish bilan ta’minlash, daromadini oshirish, bolalarni sog‘lom tarbiya qilish choralari ko‘rilyapti.
Bosh prokurorning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari B.Normurodov ishtirokida Toshkent viloyatida murojaatlar bilan ishlashda Yangiyo‘l tumani namunasini yaratish masalasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Joriy yilning 13-mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Unda berilgan topshiriqlarga muvofiq, har bir ariza va shikoyatni atroflicha o‘rganish, ularni mas’ullar kesimida taqsimlash hamda Yangiyo‘l tumani misolida joriy etilgan tizimni samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda Respublika ishchi guruhi vakillari, Toshkent viloyati prokurori A.Mirzayev, viloyat hokimi Z.Mirzayev, tashkilotlar rahbarlari, banklar va boshqa mas’ullar ishtirok etdi. Unda o‘tgan va joriy yilning birinchi choragida Yangiyo‘l tumanini murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha namunaviy hududga aylantirish yuzasidan qator vazifalar belgilab olindi.

Berilgan topshiriqlardan so‘ng Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijobiy ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi. Ular tomonidan hozirgacha tizimli ishlar qilinyapti.
Xususan, Byuroning tuman-shahar bo‘limlari hamda Toshkent viloyati bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tgan yil va joriy yil birinchi choragida ayrim murojaatlarni qayta o‘rganish orqali ishsiz aliment to‘lovchilarni aniqlab ularni ish bilan ta’minlashga kirishildi.

– O‘rganishlar natijasida 180 ta murojaat ijobiy hal etildi. Jumladan, murojaatlarning salmoqli qismi Yangiyo‘l tumani hissasiga to‘g‘ri kelgani sababli ishchi guruhi vakillari har bir murojaatchi bilan alohida suhbat qildi, – deydi Ishchi guruh a’zosi Aziz Mansurov. – Natijada bir kunda 10 dan ortiq oilalarni yarashtirishga erishilmoqda. Bundan tashqari, ish joyi bo‘lmagan aliment to‘lovchilar bilan suhbat natijasida chet elda ishlash istagi bo‘lgan qarzdorlar bilan gaplashib, anketa ma’lumotlari Tashqi migratsiya agentligiga berish choralari ko‘rilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, hozirgacha mazkur tumanda 1 ming 83 nafar aliment to‘lovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 804 nafari bandligi ta’minlangan. Bu jarayonda joylarda tashkil etilayotgan mehnat yarmarkalari, korxona va tashkilotlar mas’ullari bilan ochiq muloqotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hudud bo‘yicha o‘rganishlar davom etyapti.
A.Musayev, O‘zA