Ajdodlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi
Inson bor ekan, xotira — muqaddas. Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlar xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizni qadrlash, og‘ir sinovli kunlarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, iymoni butun insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish milliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan.
Xalq xotirasida mustahkam o‘rin olgan o‘sha mash’um yillar yodi bugungi tinch va farovon hayot qadrini yanada chuqur anglashga, kelajakka ishonch bilan qarash hamda o‘tmishdan to‘g‘ri xulosa chiqarishga da’vat etadi.
Mana shu ulug‘ ayyom kunlarida yurtimizda, avvalo, urush maydonlaridan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlar xotirasi yod etilib, ularning ruhi pokiga hurmat bajo keltirilmoqda. Shu munosabat bilan 9-may — Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda eng ulug‘ va eng aziz bayramlardan biri sifatida keng nishonlanmoqda.
Sirdaryo viloyati markazi — Guliston shahrida ham ushbu sana munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xotira xiyobonida tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, harbiy xizmatchilar, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
[gallery-29309]
Marosim avvalida ishtirokchilar harbiy orkestr sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga viloyat hokimligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, yirik korxona va muassasalar hamda jamoatchilik vakillari nomidan gulchambarlar va guldastalar qo‘yib, urush qurbonlari xotirasiga chuqur ehtirom izhor etdilar. Shundan so‘ng, Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boshqarmasiga qarashli otliq bo‘linmalar hamda chavandozlar maktabi o‘quvchilari ishtirokida otlar paradi namoyish etildi.
– Xotira va qadrlash kuni faqat o‘tmishni yod etish emas, balki ajdodlarimizning jasoratidan saboq olib, bugungi tinch hayot qadrini anglash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kunidir. Urushda halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning xotirasi abadiy, ularning jasorati xalqimiz qalbida mangu yashaydi. Bugungi osoyishta hayot uchun biz ular oldida doimo qarzdormiz, – dedi tadbirda ishtirok etgan Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi mayor Burxon Abdualimov.
Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston aholisi 6,5 million nafarni tashkil etgan bo‘lib, shundan 1 million 433 ming nafar yurtdoshimiz frontga safarbar qilingan. Ularning 450 mingdan ortig‘i urushdan qaytmagan, 130 mingdan ziyodi esa bedarak ketgan.
Bu raqamlar urushning naqadar og‘ir va vayronkor bo‘lganini, deyarli har bir oila bu fojiadan bevosita jabr ko‘rganini yana bir bor yaqqol namoyon etadi.
Eng muhimi, Xotira va qadrlash kuni — bu shunchaki taqvimdagi sana emas, balki millatning o‘z tarixi, yurt ozodligi va tinchligi yo‘lida jasorat hamda matonat ko‘rsatgan ajdodlari xotirasiga yuksak ehtirom ifodasidir. Shu bois bugun va ertaga viloyatning barcha hududlarida mehnat faxriylari holidan xabar olish, nuroniylarni yo‘qlash, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnat faxriylarini e’zozlash, xotira tadbirlari hamda ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA