"Aichi–Nagoya–2026": O‘zbekiston sportchilari yangi marralar sari
Joriy yil 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida XX yozgi Osiyo o‘yinlari, 18–24-oktabr kunlari esa V Para Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Qit’aning eng nufuzli sport tadbirlaridan sanalgan mazkur kompleks musobaqalar O‘zbekiston sportchilari uchun yangi marralarni zabt etish, xalqaro maydondagi mavqeni yanada mustahkamlash va navbatdagi Olimpiya siklidagi salohiyatni namoyon etish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston sport delegatsiyalarining Aichi va Nagoyada o‘tkaziladigan XX Osiyo hamda V Para Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan tantanali kuzatuv marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev hamda keng sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Marosimda mamlakatimiz sharafini Osiyo va Para Osiyo o‘yinlarida himoya qiladigan sportchilar va murabbiylarning tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan «Bizni qarshi ol, Nagoya!» shiori ostidagi videorolik namoyish etildi.
Tadbirda dzyudo bo‘yicha «Parij–2024» yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori Muzaffarbek To‘raboyev, yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionatlari sovrindori, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, terma jamoa bosh murabbiyi Rustam Assakalov hamda «Parij–2024» Paralimpiya o‘yinlari va jahon chempionati mutlaq g‘olibi, para yengil atletikachi Nurxon Qurbonova so‘zga chiqdi.
Tantanali marosimning eng muhim lahzalaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining sport delegatsiyasi vakillariga topshirilishi bo‘ldi. Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan «Parij–2024» Olimpiya o‘yinlari sovrindori, og‘ir atletika bo‘yicha uch karra jahon chempioni Akbar Jo‘rayev hamda para velosport bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati mutlaq g‘olibi Marjona Pardaboyevaga Davlat bayrog‘i tantanali ravishda topshirildi.

Marosim davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, XX Osiyo o‘yinlarida 45 ta mamlakat va hududdan 11 ming nafardan ortiq sportchi ishtirok etadi. 16 kun davom etadigan musobaqalar sportning 43 turi va 71 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilib, 469 ta bahsda jami 1 ming 407 ta medal uchun raqobat kechadi.
Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi sportning 42 turi bo‘yicha bahslarga kiradi. Shundan 36 tasi olimpiya, 6 tasi noolimpiya sport turlaridir. Milliy terma jamoalarimiz tarkibida 396 nafar sportchi – 224 nafar erkak va 172 nafar ayol mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Sportchilarimiz sohil voleyboli, voleybol, yelkanli sport, skvosh va MMA bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida ilk bor ishtirok etadi. Shuningdek, musobaqalar davomida kamondan otish, chim ustida xokkey, tennis, serfing, triatlon va skvosh bo‘yicha «Los-Anjeles–2028» yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar uchun bahslar ham bo‘lib o‘tadi.
Shu nuqtai nazardan, «Aichi–Nagoya–2026» musobaqalari O‘zbekiston sportchilari uchun navbatdagi Olimpiya siklidagi muhim xalqaro startlardan biri hisoblanadi. Unda terma jamoalarimizning «Los-Anjeles–2028» yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonini sinovdan o‘tkazish, sportchilarning bugungi salohiyatini baholash va xalqaro maydondagi mavqeni yanada mustahkamlash uchun muhim imkoniyat yaratiladi.
V Para Osiyo o‘yinlarida esa O‘zbekiston delegatsiyasi sportning 11 turida 153 nafar sportchi bilan ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ular orasida 79 nafar ayol va 74 nafar erkak sportchi bor. Mazkur musobaqalarda O‘zbekiston sport delegatsiyasi Para Osiyo o‘yinlari tarixida ilk bor para qilichbozlik, bochcha va para eshkak eshish sport turlarida ishtirok etadi.
Bu galgi Para Osiyo o‘yinlarining yana bir muhim jihati para o‘q otish bo‘yicha «Los-Anjeles–2028» Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyalar o‘ynalishidir. Bu yo‘nalishda birinchi o‘rinni egallagan sportchilar «Los-Anjeles–2028» Paralimpiadasi yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.
«Aichi–Nagoya–2026» Osiyo va Para Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni ayni paytda yakuniy bosqichga kirgan. Barcha terma jamoalar tasdiqlangan reja asosida tayyorgarlik olib bormoqda. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash doirasida sportchilar uchun mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etilmoqda, ular zamonaviy sport inventarlari va zarur jihozlar bilan ta’minlanmoqda.
O‘zbekiston sportchilarining Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokidan yuksak natijalar kutilmoqda. Bunga so‘nggi yillarda qit’a va jahon miqyosida qayd etilayotgan natijalar, sport turlari qamrovining kengayib borayotgani va terma jamoalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar asos bo‘layotir.
Eslatib o‘tamiz, «Xanchjou–2022» Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medalga sazovor bo‘lgan edi. Mazkur natija mamlakatimiz sportchilari uchun Osiyo o‘yinlari tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘sha yilgi Para Osiyo o‘yinlarida esa sportchilarimiz 25 ta oltin, 24 ta kumush va 30 ta bronza, jami 79 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 8-o‘rinni egallagan.
Aichi va Nagoyadagi musobaqalarda sportchilarimizdan ana shu natijalarni yanada yaxshilash, yangi sport turlarida munosib ishtirok etish va yuksak marralarni zabt etish kutiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
To‘lqin Ro‘ziyev,
Sarvar O‘rmonov (surat),
O‘zA
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lyH3bYwJDaY" title="Yunon - rim kurashi Farg’ona tatamisida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>