Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyati sarhisob qilindi
Bugungi kunda respublikamizda jami 365,5 ming gektar mevali bog‘ va 207 ming gektar uzumzorlar mavjud. 2024 yilda ushbu maydonlardan mos ravishda 3,4 million tonna meva, 2 million tonna uzum hosili olingan.
Fermer xo‘jaliklaridagi mevali bog‘larning 29 foizi intensiv turga mansub bo‘lib, 18 foizida tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan. Umumiy uzumzorlarning 61 foizi sermahsul maydonlar hisoblanib, ularning 12 foizida resurs tejamkor sug‘orish tizimlari qo‘llanilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining “Hududlarda agrologistika markazlarini tashkil etish, intensiv mevachilik va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish hamda mevali bog‘ va uzumzorlarni barpo etish, shuningdek, mahsulot yetishtiruvchi sub’ektlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, Agentlik tomonidan xorijiy kompaniyalar va moliya institutlari bilan hamkorlikda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Bulung‘ur tumanida Turonbank bilan hamkorlikda 2000 gektar maydonda sanoatlashgan uzumzorlar tashkil etilayotgan bo‘lsa, Quva tumanida “Agrovoltika” MCHJ tomonidan quyosh panellari o‘rnatilgan 60 gektar intensiv uzumzor barpo etildi.
Axborotda qayd etilganidek, mamlakatimizda 1,4 million tonna quvvatga ega 95 ta agrologistika markazi faoliyat yuritmoqda. 2024 yilda 330 milliard so‘mlik 12 ta yangi markaz ishga tushirilgan.

Shu bilan birga, 2019 — 2025 yillarda jami 1 ming 555 ta sub’ektga 469,6 milliard so‘m subsidiya berilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar yangi intensiv bog‘lar, tokzorlar va issiqxonalar maydonlarini kengaytirish, ayniqsa, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berdi.
Hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun agrologistika markazlarini tashkil etish borasidagi ishlarni jadallashtirish zarurligi urg‘ulandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA