Afv — yangi hayotga ochilgan eshik
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, adolat va insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan siyosat izchil davom etmoqda. Bu borada davlat rahbarining joriy yil 19-martdagi “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu hujjatga muvofiq, Jizzax viloyatidan 14 nafar fuqaro afv etildi.
Ana shu insonlar bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etilib, unda ichki ishlar organlari, mahalliy davlat hokimiyati va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv nafaqat rasmiy tadbir, balki afv etilgan fuqarolar uchun yangi hayot ostonasidagi ruhiy qo‘llab-quvvatlash maydoniga aylandi.

Tadbirni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov olib bordi. Unda asosiy e’tibor afv etilganlarni jamiyatga qaytarish, ularni oila bag‘riga tiklash, bandligini ta’minlash va ijtimoiy moslashuvini qo‘llab-quvvatlash masalalariga qaratildi. Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va qayta jinoyat sodir etishning oldini olishda mutasaddi idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida afv etilgan fuqarolarning har biri bilan bevosita muloqot qilinib, ularni qiynayotgan muammolar atroflicha o‘rganildi. Ayniqsa, ish bilan ta’minlanish, uy-joy, tibbiy va ijtimoiy ko‘makka doir masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Murojaatlar asosida mutasaddi tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.

Qayd etilganidek, afv — bu faqat jazodan ozod etish emas, balki insonga yana bir bor ishonch bildirish, uning to‘g‘ri yo‘lni tanlash imkoniyatini kengaytirish demakdir. Shu ma’noda, afv etilgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish barcha mas’ul idoralarning ustuvor vazifasi sifatida belgilab olindi.
Tadbir yakunida mas’ullarga afv etilganlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish hamda ijtimoiy himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri