Ochiq muloqotlar – tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar
Toshkent viloyatida biznesni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar davom etmoqda.
Shu maqsadda viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tadbirkorlar va eksportyorlar bilan o‘tkazgan navbatdagi ochiq muloqoti bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur tadbirning o‘ziga xos jihati uning keng qamrovli va kompleks yondashuv asosida tashkil etilganidadir.


Jarayonda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi ko‘magida ishbilarmon doira vakillari, Afg‘onistonga eksportni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, biznesni tashkil etish va kengaytirishga daxldor barcha mutasaddi tashkilot va idoralar, bank-moliya muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. Bu esa tadbirkorlar ko‘targan masalalarni bir joyning o‘zida, ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz hal etish imkonini yaratdi.


Uchrashuv davomida qariyb 100 nafar tadbirkor o‘zlarini qiynayotgan masalalarni bevosita viloyat hokimiga yetkazdi. Asosiy e’tibor biznesni kengaytirish, yangi eksport bozorlariga chiqish, ayniqsa, Afg‘oniston davlati yo‘nalishini faollashtirish, yer ajratish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kadastr va kreditlash masalalariga qaratildi.

Mazkur muloqot faqat muhokama maydoni bo‘libgina qolmay, balki amaliy natijalarga ham erishildi. Xususan, 36 nafar tadbirkorning muammosi tegishli tashkilot va boshqarmalar ishtirokida joyida hal etildi. Yana 42 nafar tadbirkorga o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun aniq imkoniyatlar ko‘rsatib berildi va zarur tushuntirishlar berildi. Bu esa tadbirkorlarning vaqt va resurslarini tejash, ularning ishonchini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Muloqotning eng muhim jihati – murojaatlarning katta qismi shu yerning o‘zida ijobiy hal etilganida bo‘ldi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan masalalar bo‘yicha esa aniq muddatlar belgilab, mas’ullar biriktirildi. Umuman olganda, bunday ochiq muloqotlar hududda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, davlat organlari va biznes o‘rtasidagi ishonchli hamkorlikni mustahkamlash, eng muhimi eksportga yo‘naltirilgan yangi loyihalarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A. Musayev, O‘zA.