Abduqodir Husanov Angliyada ilk sovrinini qo‘lga kiritdi
Angliya Liga kubogi finalida “Arsenal” hamda “Manchester Siti” o‘zaro raqobatlashdi. Uchrashuv 0:2 hisobida yakunlandi. Mazkur o‘yinda “MS” jamoasiga Liga kubogini keltirgan gollarga 60 va 64-daqiqalarda Niko O’Rayli mualliflik qildi. Shu tariqa “Manchester Siti” 9-marta Angliya Liga kubogini qo‘lga kiritdi.
Biz uchun ahamiyatlisi, ushbu final bahsida hamyurtimiz Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. Uning o‘yin davomidagi harakatlariga “SofaScore” — 7.0, “FlashScore” — 6.6, “Who Scored” — 7.01 va “FotMob” 7.4 ball qo‘ydi.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Abduqodir o‘tgan yili Angliya Premer ligasiga o‘tib, mamlakatimiz futbol tarixida yangi sahifa ochgan edi. Shuningdek, u ushbu mamlakatda gol urgan va “Manchester Siti” safida ikki bor oyning eng yaxshi futbolchisi sifatida qayd etilgan yagona o‘zbek futbolchisi aylangan. Kecha esa Abduqodir Husanov Angliya Liga kubogini qo‘lga kiritgan o‘zbek o‘g‘loni sifatida yana bir tarixiy natija ko‘rsatdi.
Darvoqe, ushbu klub matbuot xizmati uchrashuvdan keyin bosh murabbiy Xosep Gvardiolaning fikr-mulohazalarini keltirib o‘tdi. Ispaniyalik mutaxassis intervyu davomida Abduqodir Husanov nomini ham tilga oldi.

-Biz ilk bor Karabao kubogida “Arsenal”ga qarshi shu yerda o‘ynaganimizda ham shunday bo‘lgan edi. Jeyms Trafford uchun bu birinchi final edi, Abduqodir Husanov jamoamizda atigi bir yildan beri o‘ynamoqda, Niko O'Reyli birinchi to‘liq mavsumida meni hayratda qoldirdi, Antuan Semeno esa o‘zining birinchi finalini o‘tkazdi.
Ko‘plab o‘yinchilar birinchi tajribaga ega bo‘lishdi va bu juda yaxshi — aynan shu bizga kerak. Bu bizga shuni ko‘rsatdiki, biz buni qila olamiz.
Biz o‘tgan mavsumga nisbatan ancha yaxshiroqmiz, lekin bu hali biz ko‘zlagan daraja emas. Buning uchun vaqt kerak. Umid qilamanki, kelasi mavsumda va bu mavsum oxiriga kelib biz bunga erishamiz, - dedi ispaniyalik mutaxassis.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA