Braziliyada prezidentlik saylovlari: nomzodlar ikkinchi turga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Braziliyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi oldidan San-Paulu shahrida amaldagi prezident Luis Inasiu Lula da Silvani qo‘llab-quvvatlash maqsadida minglab insonlar mitingga yig‘ildi.
“Demokratiya marshi” nomi ostida o‘tgan ushbu tadbirda chiqish qilgan Lula da Silva bo‘lajak saylov jarayoniga nisbatan ishonch bildirdi va birinchi turda qatnashmagan 30 milliondan ortiq fuqarolarni, ayniqsa, keksa yoshdagi saylovchilarni faol bo‘lishga chaqirdi.
OAVga intervyu bergan miting qatnashchilari ham aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini himoya qilish muhimligini qayd etdilar. Shuningdek, yig‘ilganlar tashqi aralashuvlarga qarshi hayqiriqlar bilan mamlakat mustaqilligini qo‘llab-quvvatladi.
O‘z navbatida, prezidentlik saylovlarining birinchi turida g‘alaba qozongan sobiq prezident Jair Bolsonaruning o‘g‘li Flavio Bolsonaru ham San-Pauluda o‘z partiyasidan saylangan merlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun: 159 millionga yaqin saylovchi ro‘yxatga olingan birinchi turda ovozlarning 99,8 foizi hisoblab chiqilgach, Flavio Bolsonaru 47 foiz (56,1 million ovoz), Luis Inasiu Lula da Silva esa 45,1 foiz (53,8 million ovoz) to‘plashga muvaffaq bo‘lgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA