YeI yangi Xavfsizlik kengashi tuzmoqchi
Yevropa Ittifoqi dron hujumi, kiber jinoyat va strategik infratuzilmaga qaratilgan qo‘poruvchilik kabi tahdidlarga tezkor javob berish uchun Yevropa Xavfsizlik kengashini tashkil etish taklifi ilgari surdi. Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen sentabr oyida oshkor qilgan mazkur tashabbus doirasida YeI davlatlari rahbarlari Buyuk Britaniya, Norvegiya, Ukraina, Kanada kabi hamkorlar bilan xavfsizlik masalasini muvofiqlashtirishi kutilyapti.
Yangi mexanizm ko‘hna qit’a mamlakatlariga nisbatan yuzaga kelayotgan tahdidni birgalikda muhokama qilish, umumiy choralarni kelishish va zarur hollarda tezkor harakat qilish imkonini beradi. Rejada kiber xavfsizlik, havo mudofaasi va koinot tizimi bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Ayrim davlatlar va rasmiylar bunday kengash NATOning mavjud vazifalarini takrorlashidan xavotir bildirgan. YeK esa yangi tuzilma Shimoliy Atlantika alyansi o‘rnini egallamasligi, balki to‘ldirishini ta’kidlayapti.
Ushbu tashabbusga ehtiyoj Qora dengizdagi xavfsizlik bilan bog‘liq voqealar asnosida muhokama qilinyapti: o‘tgan hafta Bolgariyaning Qora dengizdagi iqtisodiy hududida ikki tijorat kemasiga dron hujum qilgani, bir kema cho‘kkani va ekipaj a’zolaridan biri yo‘qolgani xabar qilindi. Yangi kengash Yevropa davlatlari mudofaa salohiyatini muvofiqlashtirishga yordam beradimi yoki NATO bilan hamkorlikda qo‘shimcha murakkablik keltirib chiqaradimi – bu masala hali ochiq.
Musulmon Ziyo, O‘zA