Sherobodda zamonaviy to‘qimachilik ishlab chiqarishi yo‘lga qo‘yildi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida sanoat sohasini rivojlantirishga qaratilgan yirik investitsion loyihalardan biri “Zilantex” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan korxonada ip-kalava va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
2025-yil avgust oyidan faoliyat boshlagan ushbu loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Milliy banki tomonidan 20 million yevro miqdorida investitsiya jalb etildi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonada yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-28815]
Korxonada 600 nafarga yaqin aholi doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ishchi-xizmatchilarning katta qismini yoshlar tashkil etadi. Ularga tajriba almashish va malaka oshirish maqsadida Turkiyadan jalb etilgan malakali mutaxassislar o‘z bilim va ko‘nikmalarini o‘rgatib kelmoqda.
Joriy yil boshidan e’tiboran korxonada mato to‘qish yo‘nalishi ham ishga tushirildi. Endilikda ip-kalava mahsulotlari tayyor mato ko‘rinishida ishlab chiqarilib, bozorga taklif etilmoqda.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorga chiqariladi, balki Rossiya va Qirg‘izistonga ham eksport qilinmoqda.
Ayni paytda korxona oyiga 150 tonna mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Kelgusida ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, jumladan bir yilda 2 ming tonna mato ishlab chiqarish maqsad qilingan. Bu esa hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA