7 oyda mehnat bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarda 156 kishi halok bo‘ldi
Ish joyidagi xavfsizlik qoidalariga rioya qilish oddiy talab emas, balki inson hayotini asrashning muhim shartidir. 2026-yilning dastlabki 7 oyida mehnat faoliyati bilan bog‘liq 529 ta baxtsiz hodisa qayd etilgani ham bu masalaga yanada jiddiy yondashish zarurligini ko‘rsatmoqda. Eng achinarlisi, ushbu hodisalar oqibatida 146 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan.
Mehnat jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish har bir ish beruvchi va xodimning eng muhim vazifalaridan biri. Chunki ish joyidagi oddiy e’tiborsizlik ham inson hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
2026-yilning dastlabki 7 oyi davomida mamlakatimizda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 529 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Ularning 24 tasi guruhiy, 372 tasi og‘ir oqibatli, 132 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan.
Achinarlisi, ushbu baxtsiz hodisalar oqibatida 580 nafar fuqaro jabrlangan. Shundan 402 nafari og‘ir, 22 nafari yengil jarohat olgan, 146 nafar insonning hayoti esa fojiali tarzda uzilgan.
Bu raqamlar mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga amal qilish masalasi qanchalik dolzarb ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Ayniqsa, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika kabi yuqori xavf mavjud bo‘lgan sohalarda xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish talab etiladi.
Mehnatdagi baxtsiz hodisa faqat bir xodimning jarohatlanishi yoki vafot etishi bilan cheklanib qolmaydi. Uning ortida oila taqdiri, yaqinlarining dardi, farzandlarning kelajagi va katta ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar turadi.
Shu bilan birga, baxtsiz hodisalar natijasida jabrlangan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga tegishli to‘lovlarni undirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2026-yilning 7 oyi davomida baxtsiz hodisalar oqibatida 11 milliard 379 million so‘m miqdorida bir yo‘la va oyma-oy to‘lanadigan zarar pullari undirib berilgan.
Albatta, yetkazilgan zararni qoplash muhim. Ammo inson hayoti va salomatligining o‘rnini hech qanday mablag‘ bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Shu bois baxtsiz hodisa sodir bo‘lgandan keyin oqibatlarni bartaraf etishdan ko‘ra, uning oldini olish muhimroq.
Buning uchun, avvalo, ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlari yaratilishi, ish joylari muntazam nazorat qilinishi, xodimlarga mehnat muhofazasi bo‘yicha tushuntirish va yo‘riqnomalar berilishi, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishi zarur.
Xodimlarning o‘zi ham xavfsizlik qoidalariga befarq qaramasligi kerak. Chunki mehnat xavfsizligi — faqat ish beruvchining emas, balki har bir xodimning ham shaxsiy mas’uliyati.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA