7 nafar samarqandlik “Prezident hojisi” degan sharafga munosib ko‘rildi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yil 100 nafar yurtdoshimizga “Prezident hojisi” loyihasi asosida Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun bepul yo‘llanma berildi.
Jumladan, Samarqand viloyatidan o‘zining halol turmush tarzi, oilaviy hayoti va fidoyiligi bilan boshqalarga ibrat bo‘layotgan 7 nafar inson ana shunday sharafga munosib ko‘rildi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov va viloyat hokimligi mas’ullari, faollar bu fuqarolarning xonadonlariga borib, ularga Haj yo‘llanmasi va hokimlik sovg‘alarini topshirdi.
– Har bir mo‘min-musulmon qatori men ham namozlarda, duolarda muborak Haj safarlariga yetkazsin, deb niyat qilardim, – deydi Qo‘shrabot tumani Shavona mahallasida yashovchi Ahmat Ochilov. – Allohga shukr, bugun ana shu duolarim ijobat bo‘lib, hurmatli Prezidentimizning e’tiborlari bilan muborak safar yo‘llanmasi nasib etdi. Xudo xohlasa, muqaddas maskanlarda yurtimizdagi tinchlik barqaror bo‘lishi, xalqparvar Yurtboshimiz omon bo‘lishini tilab duolar qilamiz.

Nurobod tumanining Amir Temur mahallasida istiqomat qiluvchi 67 yoshli Islom Bekmurodov ham “Prezident hojisi” sifatida ulug‘ ziyoratga borib keladigan bo‘ldi. Uzoq yillar davomida davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida samarali faoliyat yuritib, el-yurt xizmatida bo‘lgan nuroniy bu e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdorligini bildirdi.
Bepul yo‘llanmalardan yana biri Jomboy tumani Qang‘li mahallasida yashovchi Berdiqul Ummatovga berildi. Otaxon 28 yildan buyon mahalladagi “Ibrohim ota” masjidi qorovuli sifatida mehnat qilib, ushbu maskan va uning atrofi obodligini ta’minlashga bosh-qosh bo‘lib kelmoqda. Shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘lmoqda.
– Muborak Haj ziyoratiga davlatimiz rahbarining e’tiboriga tushib, u kishining yo‘llanmalari asosida borayotganim qalbimni ikki hissa quvonchga to‘ldirdi, – deydi Berdiqul Ummatov. – Bu yurtimizda inson qadrining qanchalik ulug‘ligidan, halol mehnat doim qadr topishidan yana bir dalolatdir. Xudo yana qancha umr bersa, mahallam, xalqimiz uchun xizmat qilishga tayyorman.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri