Raqamli makonda mas’uliyat faqat axborotni yaratuvchiga emas, tarqatuvchiga ham tegishli
Bugun ijtimoiy tarmoqlar axborot almashish, fikr bildirish va jamoatchilik bilan muloqot qilishning eng ommalashgan vositalaridan biriga aylandi.
Ularda har kim o‘z fikrini bildirishi, muayyan voqea-hodisa haqida ma’lumot tarqatishi yoki boshqalarning kontentini ulashishi mumkin.
Biroq raqamli makondagi erkinlik mas’uliyatni ham taqozo etadi. Internetda joylashtirilgan har bir post, video, izoh yoki repost muayyan huquqiy va ijtimoiy oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin. Shu bois axborotni yaratuvchi bilan bir qatorda uni tarqatuvchi ham kontentning mazmuniga e’tibor qaratishi muhim.
O‘zbekiston qonunchiligida axborot tarqatish sohasini tartibga soluvchi bir qator qat’iy talablar belgilangan. Jumladan, milliy qonunchiligimizga muvofiq, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni, terrorizm va ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi, milliy, irqiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi axborotlarni tarqatish taqiqlanadi. Shuningdek, pornografiya, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar iste’molini targ‘ib etish, o‘z joniga qasd qilishga da’vat etish hamda qonun bilan taqiqlangan boshqa turdagi ma’lumotlarni tarqatishga nisbatan jiddiy cheklovlar mavjud.
Shuningdek, shaxsning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga daxl qiluvchi axborotni tarqatish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish ham qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, internet tarmog‘i va ommaviy axborot vositalarida qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan monitoring va nazorat tadbirlari amalga oshiriladi. Qonunbuzarlik holatlari aniqlangan taqdirda, amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin.
Ayni paytda raqamli muhitda yana bir muhim masala, axborotning ishonchliligini ta’minlash. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvli xabarlar, tekshirilmagan ma’lumotlar va turli manbalardan olingan kontentlar juda tez tarqaladi. Bunday axborotni manbasini tekshirmasdan qayta tarqatish esa noto‘g‘ri tasavvurlarning shakllanishiga, ayrim hollarda esa shaxslar yoki tashkilotlarning obro‘siga zarar yetishiga olib kelishi mumkin.
Sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi bu masalani yanada dolzarblashtirmoqda. Xususan, deepfake texnologiyalari orqali shaxsning ovozi, qiyofasi yoki harakatlarini sun’iy tarzda o‘zgartirgan audio va videolar tayyorlanishi mumkin. Bunday kontentning o‘ziga emas, balki uning mazmuni, maqsadi va tarqatilishi natijasida yuzaga keladigan huquqiy oqibatlarga alohida e’tibor qaratish zarur.
Shuning uchun internet foydalanuvchisi axborotni qayta tarqatishdan oldin uning manbasi, ishonchliligi va mazmuniga e’tibor qaratishi kerak. Ayniqsa, hissiy ta’sirga ega, shov-shuvli yoki jiddiy ayblovlarni o‘z ichiga olgan xabarlarni tekshirmasdan repost qilishdan saqlanish muhim.
Zero, raqamli makonda “repost” yoki “ulashish” oddiy texnik harakatdek ko‘rinsa-da, tarqatilayotgan axborotning mazmuni qonunchilik talablariga zid bo‘lsa, bu muayyan huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Binobarin, bugungi axborot makonida mas’uliyat faqat kontent yaratuvchiga emas, uni qayta tarqatuvchiga ham tegishli. Raqamli savodxonlik va huquqiy madaniyat esa axborot erkinligidan mas’uliyatli va to‘g‘ri foydalanishning muhim shartidir.
A. RUSTAMOV,
O‘zA