Tadbirkorlardan ortiqcha undirilgan 19,4 million so‘m qaytariladi
Tadbirkor elektr uchun to‘lov qilar ekan, hisob-kitobning to‘g‘ri yuritilishiga ishonadi.
Ammo noto‘g‘ri hisoblangan summa uning zimmasiga ortiqcha xarajat bo‘lib tushishi mumkin. Surxondaryodagi bir qator tadbirkorlik sub’ektlari bilan bog‘liq holatda ham shunday vaziyat kuzatilgan.
Raqobat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasiga bir qator tadbirkorlik sub’ektlaridan elektr energiyasi uchun noto‘g‘ri hisob-kitob qilingani yuzasidan murojaatlar kelib tushgan.
O‘rganishlar davomida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Surxondaryo bo‘linmasi tomonidan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarda qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi. Natijada 4 ta tadbirkorlik sub’ektidan jami 19,4 million so‘m ortiqcha mablag‘ undirilgan.
Jumladan, “SURXON-KSP-GRAND” MCHJdan 9,5 million so‘m, “Termiz-ta’minot” sanoat qurilish ta’minot xususiy korxonasidan 6,4 million so‘m, “Bandixon birlashma” MCHJdan 1,4 million so‘m va “Surxon birlashma” MCHJdan 2,1 million so‘m ortiqcha undirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmasi Maxsus komissiyasi tomonidan qaror qabul qilinib, ortiqcha undirilgan mablag‘larni tadbirkorlar foydasiga qayta hisob-kitob qilish belgilandi. Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Biroq masala shu bilan tugamadi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Surxondaryo bo‘linmasi komissiya qaroridan norozi bo‘lib, bir necha sud instansiyalariga murojaat qildi.
Sud instansiyalaridagi ko‘rib chiqishlar yakunida esa shikoyatlar qanoatlantirilmadi va Maxsus komissiya qarori o‘z kuchida qoldirildi.
Shu tariqa, tadbirkorlar foydasiga qayta hisob-kitob qilish va ortiqcha undirilgan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha qabul qilingan qarorning qonuniyligi sud tomonidan ham tasdiqlandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA