35 yillik tarix, katta tajriba va mas’uliyat
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazida «Xalq so‘zi» — «Narodnoye slovo» gazetalari chop etila boshlanganining 35 yilligiga bag‘ishlangan ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Shodmon Sulaymon, «Xalq so‘zi» gazetasining viloyatdagi muxbiri Istam Ibrohimov va boshqalar nashrlar bosib o‘tgan 35 yillik tarix, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni, aholi, xususan, yoshlar ongiga istiqlol g‘oyalarini singdirish borasidagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
— Mazkur gazetalarning 35 yilligi nafaqat tahririyat jamoasi, balki mamlakatimiz milliy matbuoti uchun ham muhim sana hisoblanadi, - deydi Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova. — Nashrlar tarixi mustaqil O‘zbekistonning shakllanish va taraqqiyot yo‘li bilan uzviy bog‘liq. Istiqlolning ilk yillarida, mamlakatimiz hayotida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan, yangi davlatchilik asoslari barpo etilayotgan mas’uliyatli davrda gazetalar xalqimizga mustaqillik g‘oyalari va islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazuvchi muhim axborot manbaiga aylandi. «Xalq so‘zi» — «Narodnoye slovo» davlat va jamiyat o‘rtasidagi axborot muloqotini ta’minlashda munosib o‘rin egalladi. Bu tajriba yillar davomida nashrlarning o‘ziga xos belgisiga aylandi. Zero, 35 yillik tarix — katta tajriba, yuksak mas’uliyat va yangi marralar sari intilish demakdir.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, «Xalq so‘zi» gazetasi madaniy-ma’rifiy mavzulardagi dolzarb maqolalari, jumladan, tanqidiy chiqishlari bilan ham jamoatchilik e’tiborini qozonib kelmoqda. Xususan, Buxorodagi madaniy meros ob’ektlarini asrash va muhofaza qilish, musavvirlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kutubxonalarni zamonaviy binolar bilan ta’minlash kabi masalalarga bag‘ishlangan maqolalar bu boradagi izchil jurnalistik izlanishlar samarasidir.
[gallery-32181]
Tadbir yakunida ishtirokchilar «Xalq so‘zi» — «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyatini yubiley bilan tabrikladi. Matbuot sohasining bir guruh faollari maxsus ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA