BMTning mintaqamizdagi ekologik muammolarni hal etishga qo‘shgan hissasi
Markaziy Osiyodagi ekologik muammolar allaqachon milliy chegaralardan tashqariga chiqdi. Orol dengizining qurishi, suv resurslari tanqisligi, muzliklarning erishi, cho‘llanish va havoning ifloslanishi iqtisodiyot, insonlar salomatligi va mintaqaning barqaror rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Iqlim o‘zgarishi sharoitida bu muammolar tobora jiddiylashgani mintaqa davlatlari o‘z kuchlarini birlashtirish vaqti kelganini anglatadi. Bunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro hamkorlik, investitsiyalarni jalb qilish va ekologik yechimlarni joriy qilishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Mintaqadagi iqlim o‘zgarishlari ko‘lamini BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YUNEP) ma’lumotlari ko‘rsatadi. 2025-yil noyabr oyida nashr etilgan O‘zbekistonning ekologik atlasida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha yillik havo harorati so‘nggi oltmish yilda 1,6 daraja Selsiyga ko‘tarilgan. Orolbo‘yida bu o‘sish ko‘rsatgichi 1,8 dan 2,5 darajagachani tashkil etgan. O‘zbekistonda 2019-yildan 2024-yilgacha olti qurg‘oqchil yil qayd etilgan. Bu jarayonlar suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va tabiat ekotizimlariga ta’sirni kuchaytiradi.
Tog‘li tumanlarda ham xuddi shunday tashvishli holat yuzaga kelmoqda. YUNEP ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikistonda taxminan 14 mingta muzlikdan mingdan ortig‘i butunlay yo‘qolib ketgan. Muzliklar daryo oqimini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Mintaqa mamlakatlarining suv ta’minoti, dehqonchiligi va energetika tarmoqlari esa, aynan shu oqimga bog‘liqdir. Ularning qisqarishi mavsumiy suv tanqisligi va tabiiy ofatlar xavfini oshiradi.
Orol dengizi o‘tmishdagi inson xo‘jalik faoliyatining ekologik oqibatlari bo‘yicha eng yaqqol misollardan biri bo‘lib qolmoqda. Sug‘orish maqsadida Amudaryo va Sirdaryodan katta miqdorda suv olinishi suv havzasi hajmining keskin qisqarishiga, ekotizimlarning barbod bo‘lishiga va yangi Orolqum cho‘lining paydo bo‘lishiga olib keldi. BMT Taraqqiyot dasturining ma’lumotlariga ko‘ra, qurib qolgan dengiz tubining maydoni taxminan 5 million gektarni tashkil etadi, shundan 2,9 million gektar maydon O‘zbekiston hududida joylashgan. Bu hududdan ko‘tarilgan tuz va chang zarralari uzoq masofalarga tarqalib, havo sifatini hamda qishloq xo‘jaligi yerlarining holatini yomonlashtirmoqda.
Bu sharoitda BMT nafaqat atrof-muhitni tiklash, balki shuningdek, Orolbo‘yi aholisining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamloi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda. 2018-yilda O‘zbekistonda BMT ning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama maqsadli fondi tashkil etildi. Uning faoliyati tashkilotning turli tuzilmalari sa’y-harakatlarini birlashtirib, toza ichimlik suvi va tibbiy xizmatlardan foydalanishdan tortib, mahalliy hamjamiyatlar barqarorligini oshirish va yerlarni tiklashgacha bo‘lgan muammolarni hal qilishga qaratilgan.
Bu ishning muhim yo‘nalishi – qurib qolgan dengiz tubini ilmiy tadqiq etish va tabiiy resurslarni boshqarishning barqaror usullarini joriy qilishdan iborat. 2023-yilda BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida Orolbo‘yida dengiz tubi holati Amudaryo deltasini o‘rganish maqsadida ekspeditsiyalar o‘tkazildi. Olingan ma’lumotlar ekologik monitoringni takomillashtirish va degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash bo‘yicha eng samarali chora-tadbirlarni belgilashga yordam beradi. Bunday loyihalar ekologik falokat oqibatlariga qarshi kurashish ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy texnologiyalar va mahallliy aholining ishtirokini o‘z ichiga olgan uyg‘unlikni talab etishini ko‘rsatmoqda.
Suv resurslari sohasida xalqaro hamkorlik qilish ham Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyatga ega. Amudaryo va Sirdaryo mintaqadagi davlatlar manfaatlarini o‘zaro bog‘lab turadi, shu bois doimiy muloqot olib bormasdan turib, ularning suv resurslarini samarali boshqarishi imkonsizdir. BMT transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy ma’lumotlar bilan almashish va suv resurslarini kompleks boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga ko‘maklashadi. BMT ning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va nizolarning oldini olish, umumiy suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan xalqaro kelishuvlar ham muhim rol o‘ynaydi. Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlarning oldini olish ham ustuvor vazifalardan biridir.
2021-yil aprel oyida YUNESKO Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda muzlik ko‘llarining yorilish xavfini kamaytirishga qaratilgan GLOFCA mintaqaviy loyihasini ishga tushirdi. Mazkur tashabbus ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish, xavf ostida bo‘lgan hududlarni monitoring qilish va mahalliy hamjamiyatlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirishni ko‘zda tutadi. Bu kabi chora-tadbirlar nafaqat yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy zararni kamaytirish, balki insonlar hayotini saqlab qolish imkonini beradi.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2023-yil 19-dekabrda “Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasining qabul qilinishi mintaqaviy ekologik hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadamlardan bo‘ldi. Hujjatda ekologik muammolarni hal qilish uchun davlatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari, moliyaviy resurslarning safarbar etilishi hamda xalqaro yordamni kengaytirish zarurligi ta’kidlanadi. Uning ahamiyati suv xavfsizligi, ekotizimlarni saqlash va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalari butun mintaqaning umumiy vazifalari sifatida qaralishi bilan belgilanadi.
2026-yilning 22–24-aprel kunlari Ostonada bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Unda iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikni saqlash, suv resurslarini boshqarish, havoning ifloslanishini qisqartirish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kelgusida BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi muvofiqlashtiruvi ostida Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ekologik samaradorlik sharhini tayyorlash ko‘zda tutilgan. Bu mamlakatlarga ekologik ko‘rsatgichlarni taqqoslashga, umumiy ustuvor vazifalarni belgilash va milliy strategiyalarni takomillashtirishga ko‘maklashishga qaratilgan.
BMT bilan hamkorlik qilish O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Mamlakatimiz Orol dengizi qurishi oqibatlaridan tashqari, havo haroratining ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik, havoning ifloslanishi va suvdan yanada oqilona foydalanish zarurati bilan yuzlashmoqda. BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ekologik sharhida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2018–2024-yillarda atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarning umumiy miqdori 25 foizga kamaygan.Shu bilan birga, chiqindilarni boshqarish bo‘yicha ham muammolar mavjud: 2024-yilda maishiy qattiq chiqindilarning atigi 5,2 foizi qayta ishlangan. Bu ko‘rsatgichlar erishilgan yutuqlar bilan birga, keyingi ishlar zarurligini ham ko‘rsatadi.
Umuman olganda, BMT ning Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarni hal etishga qo‘shgan hissasi muayyan loyihalarni amalga oshirish bilangina cheklanmaydi. Tashkilot davlatlarga umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish, xalqaro moliyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qili hamda ilmiy hamkorlikni mustatahkamlashga ham ko‘maklashadi. Biroq faqat xalqaro yordamning o‘zi o‘nlab yillar davomida tabiiy resurslardan notug‘ri foydalanilganlik oqibatlarini bartaraf eta olmaydi. Ishning samarasi milliy ekologik siyosatning izchilligi, mamlakatlarning kelishilgan sa’y-harakatlari va uzoq muddatli yechimlarga sarmoya kiritishga tayyorligiga bog‘liq.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo oldida ekologik inqirozlarga javob qaytarishdan ularning oldini olishga o‘tish vazifasi turipti. Buning uchun irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, degradatsiyaga uchragaan yerlarni tiklash, qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish, chiqindilarni qayta ishlash samaradorligini oshirish va ishonchli monitoring tizimlarini yaratish zarur. Alalxusus, ekologik hamkorlikning muvaffaqiyati qabul qilingan hujjatlar va o‘tkazilgan anjumanlar soni bilan emas, balki qanchalik havo va suv sifatining yaxshilangani, tabiiy resurslarning saqlab qolingani hamda millionlab insonlar hayoti yaxshilangani bilan belgilanadi. Markaziy Osiyo barqaror kelajagi yo‘lida BMT faoliyatining amaliy ahamiyati aynan shunda namoyon bo‘ladi.
Aziza Alimova, O‘zA