35 yillik tantanaga uyg‘un ezgulik
Guliston shahridagi “Bahor” tantanalar uyida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlariga bag‘ishlangan xayrli tadbir o‘tkazildi. Unda 35 nafar jajji bolajonning sunnat to‘yi tantanali nishonlandi.
Mazkur xayr-saxovat tadbiri Guliston shahar hokimligi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, farzandlar quvonchiga sherik bo‘lish va yurtimiz mustaqilligining 35 yillik shodiyonasini ezgu amallar bilan kutib olishdan iborat.
Tantanali marosimda sunnat to‘yi egalari — jajji bolajonlarning ota-onalari va yaqinlari, shahar hokimligi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillari, nuroniylar, faol xotin-qizlar va jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Yig‘ilganlar mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlar kamoloti uchun munosib sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritdilar. Shuningdek, mustaqilligimizning 35 yilligini munosib nishonlash jarayonida inson qadri, mehr-oqibat, saxovat va ezgulik kabi qadriyatlar yanada yuksak namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi.
[gallery-30884]
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bayram munosabati bilan bolajonlar va ularning yaqinlarini samimiy qutlab, jajji to‘y egalariga esdalik sovg‘alari topshirdi. Bolalarning quvonchi, ota-onalarning mamnuniyat bilan yo‘g‘rilgan samimiy tabassumlari marosimga yanada ko‘tarinki ruh olib kirdi.
– Ushbu xayrli ishni tashkil etishda hissa qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorlik bildiraman. Bugun farzandimning sunnat to‘yi. Quvonchli kunimizga nafaqat oila a’zolarimiz, balki yaqinlarimiz ham tashrif buyurishdi. To‘yga tayyorgarlik juda chiroyli tashkil etilgan. Farzandimiz uchun unutilmas, fayzli kun bo‘lmoqda, – deydi Mohidil Jo‘rayeva.
Tantana dasturidan bolajonlar uchun turli ko‘ngilochar chiqishlar ham o‘rin oldi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qo‘shiqlar, sho‘x raqslar va musiqiy dastur to‘y shukuhini yanada oshirdi. Bolalarning quvnoq kulgisi va shodligi esa bayramona muhitga o‘zgacha jon bag‘ishladi.
– Bugun 35 nafar bolajonning sunnat to‘yi mustaqilligimizning 35 yilligiga hamohang, esda qolarli tadbirlardan biri sifatida o‘tdi. Eng muhimi, bu xayrli tashabbus bolajonlarga bir olam quvonch, ularning ota-onalariga esa ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Bunday ezgu ishlar mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi, – deydi Guliston shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Aziza Payziyeva.
Darhaqiqat, farzand quvonchi – oila quvonchi. Bu quvonchni el-yurt bilan baham ko‘rish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish yurtimizda inson qadriga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida tashkil etilgan ushbu xayrli tadbir ham ezgulik, saxovat va mehr-oqibatning yorqin namunasiga aylandi. Eng muhimi, 35 nafar bolajonning yuzidagi tabassum, qalbidagi quvonch va ota-onalarining mamnuniyat hissi bayramning eng go‘zal manzarasini namoyon etdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat), O‘zA