21 nafar bokschimiz bugun Osiyo chempionligi uchun ringga ko‘tariladi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da boks bo‘yicha kichik o‘smirlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida bugun, 14-may kuni U15 yosh toifasida so‘nggi hal qiluvchi final bahslari bo‘lib o‘tadi.
Quvonarlisi, mazkur final bellashuvlarida jami 21 nafar charm qo‘lqop ustamiz ringga ko‘tariladi. Ertaga, 15-may kuni esa U17 yoshdagi bokschilar qit’a chempionligi uchun bahslashadi. Unda esa 16 nafar bokschimizga muxlislik qilamiz.
Darvoqe, Osiyo chempionati doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan bir qator xalqaro hakamlar hamda “Asian Boxing” tashkiloti xodimlari uchun Samarqand shahriga madaniy sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida mehmonlar dunyo sivilizatsiyasi beshiklaridan biri sanalgan, ko‘p asrlik boy tarix va betakror me’moriy merosga ega Samarqand shahrining diqqatga sazovor maskanlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, sayohat ishtirokchilari milliy hunarmandchilik namunalari, sharqona bozor muhiti hamda o‘zbek milliy taomlari bilan ham tanishdi. Ta’kidlash joizki, bunday madaniy dasturlar xalqaro musobaqalar ishtirokchilariga nafaqat yurtimizning sport sohasidagi imkoniyatlarini, balki O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati va turizm salohiyatini ham keng namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA