2028-yilga qadar jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
a) 2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil qilinadi;
b) xalqaro standartlarga muvofiq, 2030-yilgacha O‘zbekistonda umumiy yashillik darajasi 14,2 foizdan 30 foizgacha oshiriladi, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hudud maydoni 9-10 m2gacha kengaytiriladi;
v) RM2.5 va RM10 kabi zararli zarrachalarning konsentratsiyasi 20-25 foizga kamaytiriladi, iqlim sharoiti og‘ir hududlarda havo haroratini o‘rtacha 1,5-2°S gacha pasaytirish imkoniyati yaratiladi.
Farmonga ko‘ra:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish uchun ajratiladigan yer uchastkalari ro‘yxati;
b) botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etishning asosiy vazifalari tasdiqlandi.
Dendrologiya bog‘lari maqomiga ko‘ra botanika bog‘lariga tenglashtiriladi.
Botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish maqsadida ajratiladigan yer maydonlari, istisno tariqasida, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu Farmonga muvofiq yer uchastkalari:
a) mahalliy hokimliklar zaxirasiga qaytarilishini;
b) belgilangan tartibda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga (Green University) doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishini ta’minlaydi.
Ikki oy muddatda botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish konsepsiyalari ishlab chiqib, tasdiqlanadi.
Uch oy muddatda dendrologiya bog‘lariga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomini berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Botanika va dendrologiya bog‘lari Ekologiya qo‘mitasi tasarrufida bo‘ladi hamda umumdavlat ahamiyatiga molik ob’ekt hisoblanadi.
Botanika va dendrologiya bog‘lari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) va "yashil" texnikumlarning tajriba, eksperimental va o‘quv-tajriba, ilmiy hamda o‘quv maqsadlari uchun foydalaniladigan ob’ektlari hisoblanadi.
Botanika va dendrologiya bog‘larining yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki begonalashtirish, ikkilamchi ijaraga berish, ularning hududlarini qisqartirish qat’iy taqiqlanadi.
Botanika va dendrologiya bog‘larini loyihalash, tashkil etish va ularni ekspluatatsiya qilish jarayonlarida xalqaro ekologik standartlar, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umume’tirof etilgan ekologik me’yorlar va milliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilinishi ta’minlanadi.
O‘zA