2027/2028 o‘quv yilidan boshlab Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasida islohotlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti tashkil etiladi.
Fakultet urbanizatsiya, shaharsozlik, aglomeratsiyalarni kompleks boshqarish, shahar iqtisodiyoti, yerdan samarali foydalanish, uy-joy bozorini rivojlantirish, shahar infratuzilmasini rejalashtirish hamda hududlarni barqaror rivojlantirish sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtiriladi.
Shuningdek, Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi Toshkent urbanistika, geodeziya va kadastr texnikumi etib qayta tashkil etiladi.
Mazkur qaror bilan Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki tashkil etiladi.
Kreativ park Toshkent shahridagi urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish sohalari sub’ektlarini kreativ yondashuv asosida birlashtiruvchi, respublika hududida eksterritoriallik prinsiplari asosida faoliyat ko‘rsatadigan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan alohida institutsional maydon hisoblanadi.
Kreativ park rezidentlariga amaldagi qonunchilikka muvofiq soliqlar hamda boshqa to‘lovlar va tariflar bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalar qo‘llaniladi.
Kreativ park faoliyatini tashkiliy ta’minlash va uni boshqaruvchi direksiya funksiyalarini bajarish Urbanizatsiya markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Qarorda 2027-yil yakuniga qadar Toshkent shahri tajribasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida ham kreativ parklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish belgilangan.
Kreativ park rezidentlarining laboratoriyalari, konstruktorlik ustaxonalari va ma’lumotlar bazasini yuritishga mas’ul bo‘linmalarini joylashtirish uchun Toshkent shahri, Mirzo Ulugbek tumani, Ravnaq ko‘chasi, 1a-uy manzilida joylashgan ma’muriy (ishlab chiqarish) bino Milliy qo‘mitaga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul o‘tkaziladi.
2027-yil 1-yanvarga qadar Kreativ park faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, Kreativ park rezidenti maqomini berish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha veb-portal ishga tushiriladi.
O‘zA