Buxoroda ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun qabul jarayonlari yuqori saviyada tashkil etildi
FOTOREPORTAJ
2026/2027 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlarida barcha abituriyentlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash hamda inklyuziv ta’lim tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, ko‘zi ojiz abituriyentlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish belgilangan tartib asosida amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda Buxoro viloyatida doimiy yashovchi ko‘zi ojiz toifasiga mansub 39 nafar abituriyent ro‘yxatga olindi. Ularni markazlashgan holda ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha mas’ul oliy ta’lim muassasasi etib Buxoro davlat universiteti belgilandi.
[gallery-30521]
Hujjatlarni o‘rganish natijasida 13 nafar ko‘zi ojiz abituriyent ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ulardan 8 nafari Buxoro davlat universitetiga, 3 nafari Buxoro davlat pedagogika institutiga, 1 nafardan O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti hamda Buxoro davlat texnika universitetiga hujjat topshirdi.
Buxoro davlat universitetida mazkur toifadagi abituriyentlar uchun qabul imtihonlari (suhbat) Nizom talablariga muvofiq tashkil etildi. Jarayonlarda abituriyentlarning bilim va salohiyatini xolis baholash uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Bu kabi yondashuv imkoniyati cheklangan yoshlarning oliy ta’lim olish huquqini ta’minlash, inklyuziv ta’limni yanada rivojlantirish va ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA